15.10.2026
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vyetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan uchrashdi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash va yanada kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida Vyetnam delegatsiyasi rahbari Oʻzbekiston yetakchisiga Vyetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Bosh kotibi, mamlakat Prezidenti To Lamning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Tomonlar Oʻzbekiston – Vyetnam munosabatlari jadal rivojlanib borayotganidan mamnunligini taʼkidladilar. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, turli darajalarda muntazam aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.
Neft-kimyo, elektrotexnika va toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.


