16.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi investorlar kengashining yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Ozarbayjonning “SOCAR” kompaniyasi rahbari Rovshan Najaf va “British Petroleum” kompaniyasining katta vitse-prezidenti Jovanni Kristofolini qabul qildi.
Muloqot chogʻida energetika sohasida ushbu yetakchi kompaniyalar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini oʻzlashtirish boʻyicha navbatdagi amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi. Buyuk Britaniyaning “British Petroleum” kompaniyasi ushbu yirik loyihaga qoʻshilgani yuqori baholandi.
Neft-gaz sohasida yangi loyihalarni ilgari surish, neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berish va sotish tarmogʻini yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.


