17.10.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-oktabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi yangi davrning barcha sharoitlarida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston va Xitoy yetakchilarining joriy yil avgust oyida Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy va sohaviy idoralar, hududlar hamda ishbilarmon doiralar darajasida faol aloqalar yoʻlga qoʻyilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekistonning “Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiyasi oʻzgarmas ekani tasdiqlandi.
Tovar ayirboshlash hajmi barqaror oʻsib bormoqda. Qatʼiy kelishuvlarga asoslangan loyihalar portfeli qariyb 60 milliard dollarga yetdi, 6 mingdan ziyod qoʻshma korxona tashkil etildi. Xitoylik sayyohlar soni ortib bormoqda. Kambagʻallikni qisqartirish sohasida tajriba almashish faol davom etmoqda
“Yashil” energetika, kimyo sanoati, geologiya, avtomobilsozlik, metallurgiya, qishloq xoʻjaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tinch atom, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, uskuna ishlab chiqarish va robototexnika sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi
“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” strategik temir yoʻli qurilishi jadal surʼatlarda davom etmoqda. Uning ishga tushirilishi mintaqada savdoni rivojlantirish va transport jihatidan bogʻliqlikni mustahkamlashga yanada kuchli surʼat bagʻishlashi taʼkidlandi.
Muzokara chogʻida turizm, madaniyat va taʼlim sohalaridagi almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida urgʻu berildi. Bu boradagi hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida ikki mamlakat shaharlari oʻrtasidagi aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish rejalari muhokama qilindi.
Yaqin kunlarda Xitoyda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkaziladi, ikki mamlakat hududida madaniyat markazlari ochiladi.
Tomonlar ShHT, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati va boshqa tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalarini ham koʻrib chiqdilar.


