icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga

24.10.2026

Hurmatli ichki ishlar organlari xodimlari!

Qadrli general va ofitserlar, serjant va safdorlar!

Muhtaram faxriylar!

Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashkil etilganining 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Ushbu qutlug‘ kunda xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi sadoqatli xizmatingiz uchun barchangizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Albatta, yurtimizda o‘z farzandini maktabga kuzatayotgan ota-onaning xotirjamligi, mahallalarimizdagi osoyishta hayotni mustahkamlashda sizlarning kundalik fidokorona mehnatingiz va hissangiz borligini barchamiz yaxshi bilamiz.

Oddiy insonlarning sizga ishonch bilan murojaat qilishi va bundan ko‘ngli taskin topishi – sizning xizmatingizga berilgan eng yuksak bahodir.

O‘tgan o‘ttiz besh yil davomida tizimda katta tajriba to‘plandi, jasorat va sadoqat an’analari shakllandi. Bugungi avlod xodimlari bu an’analarni zamonaviy bilim va yondashuvlar asosida boyitib kelmoqda.

Joriy yilda mahallalarimizning qariyb yarmida jinoyat sodir etilmagani – ichki ishlar xodimlari, mahalla faollari va aholining hamkorlikdagi mehnati samarasidir. Endi bu tajribani kengaytirib, har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha ishlarimizni izchil davom ettirishimiz zarur.

Jamoat xavfsizligini ta’minlashda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengaymoqda. Kiberjinoyatlarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va fuqarolarning mol-mulkini himoya qilish choralari kuchaytirilmoqda.

Giyohvandlik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, ayniqsa, yoshlarimizni bu illatlar ta’siridan asrash muhim vazifamiz bo‘lib qolmoqda. Buning uchun zamonaviy bilim va puxta tayyorgarlik zarur. Shu bois, kadrlar tayyorlashda nazariyani amaliyot bilan bog‘lash, dual ta’limni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy mutaxassislar tajribasidan foydalanishga katta ahamiyat bermoqdamiz.

Milliy yuksalish yo‘lidagi maqsadlarimiz ichki ishlar organlari oldiga ham yangi vazifalar qo‘ymoqda. Sizlardan jinoyatlarning oldini olishda tashabbuskorlik, xizmatda qat’iy intizom va halollik kutib qolaman.

“O‘zingni angla va o‘zgani qadrla” degan tamoyilga amal qilgan holda faoliyat olib borish ichki ishlar sohasi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bu – xodimning kasbiy sha’nini asrashi, qonunga qat’iy rioya etishi va har bir insonga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini anglatadi.

Sizga murojaat qilgan fuqaroni diqqat bilan tinglash, uning muammosini qonuniy hal etishga ko‘maklashish xalqning tizimga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Chunki, odamlar bir xodimning muomalasi va xatti-harakatidan butun tizim haqida xulosa chiqaradi.

Bugungi kunda biz ilgari surayotgan “O‘Z” g‘oyasi zamiridagi yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi sizlarning xizmatingizda ham yaqqol namoyon bo‘lishi kerak. Har bir xonadonning osoyishtaligini o‘z oilangiz tinchligidek asrash – “O‘zimning O‘zbekistonim” degan iftixor hissining amaliy ifodasiga aylanishi lozim.

Bugun tizim ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan faxriylarimizga alohida ehtirom bildiraman. Sizlarning hayotiy tajribangiz, o‘git va maslahatlaringiz yosh xodimlar uchun katta maktabdir.

Xizmatning tashvish va mas’uliyatini sizlar bilan birga baham ko‘rayotgan ota-onalaringiz, turmush o‘rtoqlaringiz va farzandlaringizga ham chin dildan rahmat aytaman. Ularning mehri, sabru qanoati va qo‘llab-quvvatlashi sizlarga albatta kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.

El-yurt tinchligini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan mard va fidoyi xodimlarimizning xotirasini chuqur hurmat bilan yod etamiz. Ularning jasoratini unutmaslik, oilalari va farzandlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish – bundan buyon ham barchamizning insoniy burchimiz bo‘lib qoladi.

Sizlarni qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka, mas’uliyatli xizmatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

El-yurt osoyishtaligi yo‘lidagi xizmatingizning qadri doimo baland bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo