18.11.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida islohotlar natijadorligini oshirish, yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish, aholi bandligi va daromadlarini koʻpaytirish yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Mamlakatimizda iqtisodiy oʻsish, xorijiy investitsiyalar va eksport boʻyicha belgilangan marralarga erishish har bir hududning imkoniyatlarini toʻliq ishga solishni talab etadi. Namanganda ham yuqori texnologiyalar, zamonaviy sanoat va xizmatlar hisobidan taraqqiyotga yangi surʼat berish uchun keng salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.
Joriy yil yakunida viloyatga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar 5,4 milliard dollarga, eksport hajmi 1,2 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Kelgusi yilda iqtisodiyotni 9,5 foizga oʻstirish, xorijiy investitsiyalarni 7-8 milliard dollarga, eksportni esa 1,3 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.
Bu maqsadlar uchun umumiy qiymati 5,4 milliard dollarlik yangi investitsiya takliflari shakllantirilgan. Davlatimiz rahbari ularni aniq loyihalarga aylantirish, investorlarga zarur sharoit yaratish va har bir tashabbus ijrosini qatʼiy nazoratga olish vazifasini qoʻydi.
Yigʻilishda viloyatda barpo etilayotgan va kelgusi yillarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan yirik obyektlar taqdimot qilindi. Jumladan, Namangan xalqaro aeroportini kengaytirish va modernizatsiya qilish doirasida soatiga 1,2 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadigan yangi terminal hamda yiliga 21,2 ming tonna yuk qabul qilish quvvatiga ega kargo infratuzilmasi barpo etilmoqda.
Sanoatda Chust tumanida toʻqimachilik boʻyoqlari ishlab chiqarish boʻyicha 260 million dollarlik, chiqindilardan elektr energiyasi olishda 150 million dollarlik va bazaltdan issiqlik saqlovchi materiallar tayyorlash boʻyicha 125 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Pop tumanida kumush konsentrati, Yangi Namanganda esa farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Raqamli iqtisodiyot uchun kadrlar va yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida Yangi Namangan shaharchasida zamonaviy IT-park binosini qurish ham koʻzda tutilgan. Unda oʻnlab texnologik korxonalar faoliyat yuritishi rejalashtirilmoqda.
Qurilish va shaharsozlik sohasidagi dasturlar ham muhokama qilindi. Xususan, Yangi Namangan shaharchasida 50 ming xonadonga moʻljallangan turar joylar, ijtimoiy va xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Qishloq xoʻjaligida tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Viloyatdagi 183 ming gektar yer salohiyatidan samarali foydalanish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash va agrosanoat kooperatsiyasini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Bu borada Toʻraqoʻrgʻonda 70 ming bosh qoʻyga moʻljallangan zamonaviy klaster faoliyati, bir qator tumanlarda parrandachilik majmualarini rivojlantirish ishlari koʻrib chiqildi. Kosonsoyda 25 ming bosh qoramolga moʻljallangan yirik chorvachilik kompleksini barpo etish rejasi ham muhokama qilindi.
Chust tumanidagi Olmos shaharchasida dehqonchilik maktabini tashkil etish tashabbusiga ham toʻxtalib oʻtildi. Unda agroakademiya, agroinnovatsiya markazi, agrosanoat parki, agrologistika va agroturizm yoʻnalishlarini birlashtirish, xorijlik hamkorlar bilan yuqori hosilli kartoshka urugʻchiligi, eksportbop poliz mahsulotlari yetishtirish va naslchilikni rivojlantirish taklif etildi.
Bundan tashqari, intensiv va organik bogʻdorchilikni kengaytirish, Pop tumani adirlarini oʻzlashtirish, qishloq xoʻjaligiga ilm-fan yutuqlari va ilgʻor xorijiy tajribani tatbiq etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda yoshlar bandligi va daromadlar masalasi ustuvor oʻrin tutdi. Viloyatdagi 786 ming nafar yoshning salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun ularni xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga oʻqitish, ichki va tashqi mehnat bozorlarida munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlash zarurligi qayd etildi.
Ibrat nomidagi chet tillari institutida italyan tilini oʻrgatish markazi tashkil etilgani ijobiy baholandi. Italiya kompaniyalari bilan qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoatida ish oʻrinlari yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Masʼullarga kelgusi yilda 10 ming nafar yoshning Yaponiya va Germaniyada yuqori daromadli ish oʻrinlarida mehnat qilishi uchun maqsadli til va kasbiy tayyorgarlikni yoʻlga qoʻyish topshirildi. Xorijdan qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish va ularning muammolarini hal etishda raqamli xizmatlardan foydalanish muhimligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz bu saʼy-harakatlar odamlarning kundalik hayoti va daromadlarida aniq natija berishi lozimligini koʻrsatib oʻtdi. Shu asosda viloyat aholisining oʻrtacha daromadini 9,6 million soʻmga yetkazish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Turizm sohasida Pop tumanidagi “Arashan” koʻp funksiyali majmuasini barpo etish ishlari va “Qamchiq” togʻ dam olish maskani loyihasi muhokama qilindi. “Arashan” majmuasining birinchi bosqichini 2027-yilda ishga tushirish, kelgusida yiliga 1,5 million nafar sayyohni jalb qilish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, Yangiqoʻrgʻon, Kosonsoy va Chustda yangi turizm zonalarini rivojlantirish, Chustda pichoqchilik, doʻppidoʻzlik, kulolchilik va yogʻoch oʻymakorligi anʼanalarini jamlaydigan Hunarmandlar shaharchasini tashkil etish taklif qilindi. Mazkur loyiha doirasida 4 mingdan ziyod ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Savdo va servisni kengaytirishda ham qoʻshimcha imkoniyatlar bor. Hozir tun-u kun ishlaydigan 35 ta koʻchada 5 mingdan ziyod aholi daromad topmoqda. Kelgusi yilda bunday koʻchalar sonini 50 taga yetkazish, Sirdaryo boʻyida dam olish va xizmat koʻrsatish maskanlarini tashkil etish, yoʻlboʻyi servisini yaxshilash vazifalari qoʻyildi.
Bu tarmoqlarga malakali kadrlar tayyorlashda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda turizm va mehmonxona boshqaruvi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.
Chekka mahallalar aholisiga xizmatlarni yaqinlashtirish masalalari ham eʼtibor markazida boʻldi. Norin tumanidagi mahalla axborot va xizmat markazi tajribasini barcha tumanlarga tatbiq etish, Koreya Respublikasi tajribasi asosida “Aqlli qishloq” loyihalarini rivojlantirish taklif qilindi.
Yigʻilish yakunida viloyat hokimligi va islohotlar shtabiga yirik loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish, yangi ish oʻrinlari va barqaror daromad manbalarini koʻpaytirish, aholini qiynayotgan masalalarga manzilli yechim topish yuzasidan topshiriqlar berildi.


