19.11.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston – Turkiya biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yigʻilishida ishtirok etdi.
Tadbirda Turkiya Respublikasi Vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari qatnashdi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan erishilgan kelishuv asosida tashkil etilgan ushbu yangi mexanizm ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Kengashning birinchi yigʻilishi doirasida oʻtkazilgan biznes forumida 200 dan ziyod tadbirkorning faol ishtirok etgani oʻzaro sheriklikni kengaytirishga boʻlgan yuksak qiziqishdan dalolat berishi qayd etildi.
– Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida 2017-yildan buyon iqtisodiyotimiz uch barobarga oʻsdi, 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etildi. Ushbu jarayonda bizga doim yelkadosh boʻlib kelayotgan strategik sherigimiz – Turkiya bilan hamkorlik muhim oʻrin tutadi, – dedi Prezidentimiz.
Davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirish maqsadida qator ustuvor yoʻnalishlar belgilab berildi.
Xususan, togʻ-kon sanoati va “yashil” energetikani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, organik oʻgʻitlar ishlab chiqarish, zamonaviy issiqxonalar qurish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, mahsulot yetishtirishdan uni isteʼmolchiga yetkazib berishgacha boʻlgan yaxlit qiymat zanjirini shakllantirishda hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Elektrotexnika sanoati mamlakatimizda eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlardan biri ekani taʼkidlandi. Turkiya kompaniyalari misni chuqur qayta ishlash, elektronika mahsulotlari, transformatorlar, maishiy texnika va elektr uskunalari ishlab chiqarishda mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyani kengaytirishga taklif etildi.
“Yangi Toshkent” megaloyihasi doirasida zamonaviy tijorat va turar joy majmualari, mehmonxonalar barpo etish, shuningdek, pulli avtomobil yoʻllari va logistika markazlarini rivojlantirishda turk sarmoyadorlarining ishtiroki olqishlandi.
Mamlakatimizda tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, farmatsevtika sohasida keng imtiyozlar taqdim etilayotgani bildirildi. Turkiyalik investorlar mazkur yoʻnalishda ham yaqin hamkorlikka taklif qilindi.
Turkiya kompaniyalari bilan davlat-xususiy sheriklik asosida qator loyihalar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Ushbu mamlakat banklari, investitsiya fondlari va yirik sanoat korxonalari xususiylashtirish jarayonlari hamda davlat-xususiy sheriklik dasturlarida faol ishtirok etishga chaqirildi.
Shuningdek, avtomobilsozlik, energetika, sunʼiy intellekt va dasturiy taʼminot sohalarida qoʻshma loyihalarni ilgari surish, bank sektoridagi islohotlarda ishtirok etish taklif qilindi.
Oʻzbekistonda sarmoyadorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, jumladan, maxsus iqtisodiy zonalarda keng imtiyozlar berish siyosati izchil davom ettirilishi bildirildi.
– Biz bundan buyon ham mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettiramiz, – dedi davlatimiz rahbari soʻzining yakunida.
Yigʻilishda kengash hamraislari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbari Saida Mirziyoyeva va Turkiya Respublikasi Vitse-prezidenti Javdat Yilmaz ham soʻzga chiqdilar.
Turkiya kompaniyalari rahbarlari Prezidentimiz bilan muloqot chogʻida ularning faoliyatiga yaratilayotgan keng imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimizda amalga oshirayotgan loyihalari va kelgusidagi rejalari haqida soʻzlab berdilar, oʻz fikr-mulohazalari hamda takliflarini bayon qildilar.


