
01.05.2025

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar, muhtaram Xorazm ahli!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun siz, azizlar bilan shonli tariximiz ustunlari va Yangi O‘zbekiston poydevori chambarchas bog‘langan mo‘tabar diyorda – qadimiy Xorazmda diydor ko‘rishib turganimdan benihoya xursandman.
Xorazm dunyo sivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qo‘shgan Sharq gavharidir. Bu ko‘hna yurt jahonga dong‘i ketgan ne-ne olimu fozillar, sarkarda va sultonlar, aziz avliyolar, betakror shoir va hofizlar vatanidir.
Ilm-ma’rifat mash’allari bo‘lgan Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Pahlavon Mahmud, Ogahiy, vatanparvarlik timsoli bo‘lgan Najmiddin Kubro va Jaloliddin Manguberdi singari ulug‘ zotlar xalqimizning faxru iftixoridir.
Shu ma’noda, jahon olimlarining: “Ulug‘ novator Beruniy fanning bir qator hal qiluvchi yo‘nalishlarida o‘z davridan 500 yillab, hatto undan ham ko‘proq ilgarilab ketgan”, degan e’tiroflari bu zaminning buyuk salohiyatidan dalolat beradi.
Xorazmning havas qilsa arziydigan yana bir bebaho boyligi bor. Bu – uning muhtasham tarixiy obidalaridir. Ochiq osmon ostidagi shahar-muzey – “Ichan qal’a” majmuasi umumbashariyat xazinasi sifatida YUNЕSKO ro‘yxatiga kiritilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
E’tibor bering, viloyatda 260 dan ziyod madaniy meros obyekti mavjud. Va ularning tarixi bir necha asrlarga borib taqaladi. Hech shubhasiz, ular o‘zining noyob va go‘zal me’moriy qiyofasi bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning jahon ravnaqidagi betakror o‘rnini belgilab beradigan tirik tarixdir.
Aziz yurtdoshlar!
Bugungi kunda biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida o‘zgarish va yangilanishlar yo‘lini qat’iyat bilan davom ettirmoqdamiz.
Boshlagan islohotlarimiz doirasida tinchlik va do‘stlik jabhasi bo‘lmish turizmni rivojlantirishga alohida strategik yo‘nalish sifatida e’tibor qaratib kelayotganimiz albatta bejiz emas. Chunki, turizm – bu faqat sayru sayohat, mazmunli dam olishgina emas. U avvalo ellarni ellarga, dillarni dillarga bog‘laydigan, mehnatkash va bag‘rikeng xalqimizning boy madaniyati va tarixiy merosini, uning ochiq qalbini dunyoga namoyon qiladigan ko‘zgudir.
Biz tarixiy yodgorliklar, madaniy meros obyektlarini asrab-avaylab, ularni global turizm tarmog‘iga faol jalb etish borasida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.
Shu bilan birga, milliy me’morchilik yechimlarini qo‘llagan holda, bir vaqtning o‘zida tarix va zamonaviylikni mujassam etgan yirik turistik majmualarni ko‘paytirishga alohida urg‘u beryapmiz.
Algebra va algoritm asoschisi Muhammad Xorazmiy bobomiz aytganlaridek: “Tartib va to‘g‘ri hisob-kitob – har qanday yutuqning garovidir”. Shu sababli ham mamlakatimizda turizm salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha aniq va puxta rejalar asosida ish yuritilmoqda.
Biz bundan uch yil oldin Samarqandda “Boqiy shahar” deb nom olgan yirik turistik majmuani ishga tushirgan edik. Bugun esa Xorazm zaminida “Arda Xiva”, oddiy qilib aytganda, “Boqiy Xiva” kompleksi tantanali ravishda ochilmoqda. Bu noyob majmua ulkan rejalarimizning yana bir amaliy natijasidir.
Qisqa fursatda bunyod etilgan ushbu muhtasham xalqaro turistik maskanda 17 ta mehmonxona va mehmon uylari, 9 ta restoran, har biri kuniga 2 ming sayyohga xizmat qiladigan ochiq va yopiq akvaparklar, 3 ming o‘rinli amfiteatr, 5 ta kino va konsert zali, ko‘rgazmalar paviloni, 70 ta do‘kon, 300 ta savdo rastasi, 11 ta hunarmandlar uyi, Sharq bozori va zargarlik markazi, favvoralar, sayr uchun 4 kilometrli sohil bo‘yi yo‘lagi ishga tushmoqda.
Bu borada Xorazmning shonli o‘tmishidan hikoya qiladigan “Ko‘hna Urganch” muzeyi aholimiz va sayyohlarning sevimli maskaniga aylanishi shubhasiz.
Ana shunday ishlarimiz hisobidan viloyatga turistlar oqimi qo‘shimcha ravishda 1 million nafarga oshadi, xizmatlar 1,2 trillion so‘mga ko‘payadi, kamida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Ishonchim komil, “Arda Xiva” Xorazmdagi turizm rivojida yangi sahifa ochadi, viloyatning ikkinchi “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi.
Fursatdan foydalanib, ushbu majmuaga sarmoya kiritgan tadbirkor va investorlarga, fidokorona mehnat qilgan quruvchi va mutaxassislarga, bu ezgu ishga munosib hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Ushbu betakror maskan Xorazmga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin!
Hurmatli Xorazm ahli, aziz mehmonlar!
Xorazmning hali ishga solinmagan turistik salohiyati juda katta. Xabaringiz bor, Xiva tumanidagi 2 ming 400 gektar yerni Xiva shahriga o‘tkazyapmiz. Bu joyda “Sahro yulduzi” turistik kompleksi bunyod etiladi. Bu hududda mehmonxonalar, ko‘ngilochar markazlar, gastronomik va savdo ko‘chalari, muzeylar, ekouylar, yozgi lager, ekstremal turizm obyektlari barpo etiladi.
Kompleks qurilishi bo‘yicha ishlarni shu yildan kechiktirmasdan boshlaymiz. Bosh vazir A.Aripov bunga bosh-qosh bo‘ladi.
Shuningdek, Tuproqqal’ada cho‘l hududidagi 5 ming gektar yerda safari va ov turizmi rivojlantiriladi. Urganch shahri, Shovot, Qo‘shko‘pir, Xiva va Hazoraspdan oqib o‘tadigan G‘azovot, Polvon, Shovot kanallari bo‘ylarida 50 million dollarlik 80 ta xizmat ko‘rsatish, savdo-ko‘ngilochar obyektlari ishga tushiriladi. Bog‘ot, Gurlan, Yangibozor va Urganch tumanida turizm qishloqlari tashkil etiladi.
Biz ajdodlarimiz qoldirgan beqiyos ilmiy-ma’naviy merosni asrab-avaylash, boyitish va dunyoga keng targ‘ib etishni o‘z oldimizga ulug‘ maqsad qilib qo‘yganmiz. Shu bois, Ma’mun akademiyasi binosi oldidagi 2 gektar bog‘ “Buyuk allomalar” nomli ochiq osmon ostidagi “smart” muzeyga aylantiriladi. Shu asosda Xorazm yurtida kamol topgan o‘nlab mumtoz ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li, boy ijodiy merosi interaktiv usulda bir nechta xorijiy tillarda sayyohlarga taqdim etiladi.
Kuni kecha Urganch shahrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet va IT maktabini tashkil etish bo‘yicha alohida qarorni imzoladim. Aminmanki, bu ta’lim dargohlari bo‘lg‘usi xorazmiylar, beruniylar bilim oladigan o‘quv maskanlariga aylanadi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Amudaryoning ikki sohilida joylashgan Xorazm va Qoraqalpog‘iston elini Xudoi taoloning o‘zi taqdirdosh qilib yaratgan. Bu ikki qo‘shni hududning tarixi, madaniyati va urf-odatlarini bir-biridan alohida tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Shu bois, Xorazmda turizmni rivojlantirishni Qoraqalpog‘iston bilan hamohang ravishda, yagona konsepsiya asosida amalga oshiramiz.
Buning uchun “Xorazm – Qoraqalpog‘iston” turizm halqasi loyihasi ishlab chiqiladi. Masalan, Xivadan 80 kilometr masofada Ellikqal’a tumani joylashgan bo‘lib, bu yerda turistlar uchun jozibador bo‘lgan “Ayozqal’a” va “Tuproqqal’a” yodgorliklari bor. Shuningdek, tumandagi “Axchako‘l”da plyaj turizmini rivojlantirish uchun barcha infratuzilma mavjud. Yoki Beruniy tumanidagi “Sulton Uvays” qadamjosi ziyorat turizmi uchun nodir maskanlardan biri hisoblanadi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Shuning uchun, ushbu hududlarni o‘zaro bog‘laydigan yo‘l, yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha katta dastur boshlaymiz. Bundan tashqari, “Urganch – Gurlan – Mang‘it” avtomobil yo‘li to‘liq rekonstruksiya qilinadi.
So‘nggi yillarda Xiva shahriga temir yo‘l tortilib, yangi vokzal qurildi, “Buxoro–Urganch–Xiva” temir yo‘li to‘liq elektrlashtirildi. Sizlar bilan kelishib olganimizdek, 2026-yilda ushbu yo‘nalish bo‘ylab Jaloliddin Manguberdi nomi bilan ataladigan zamonaviy tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Eng muhimi, yaqin kelgusida bu tezyurar poyezdlar Nukusgacha boradi.
Bugungi anjumanda ko‘plab xorijlik do‘stlarimiz ishtirok etmoqda. Keling, qadrli mehmonlarimizni chin dildan qutlab, ularga yana bir bor hurmat va ezgu tilaklarimizni bildiraylik!
Albatta, Xorazmga bir marta kelgan odam unga umrbod maftun bo‘lib qoladi. Ishonchim komil, siz, azizlar ham bu go‘zal va betakror yurtdan olam-olam unutilmas taassurotlar bilan qaytasizlar.
Shu bilan birga, mamlakatimizning har bir hududi o‘ziga xos suluv tabiati, boy madaniyati, urf-odati, tarixiy obidalari va bir-biridan lazzatli taomlari, nozu ne’matlari bilan ajralib turadi.
Mamlakatimizga yana bir bor tashrif buyuring, boshqa hududlarimizni ham ko‘ring, yurtimiz haqidagi xolis fikrlaringizni yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.
Yangi O‘zbekiston sayyohlar uchun xavfsiz, xilma-xil kontentlarga boy, yorqin taassurotlarga to‘la turistik makon sifatida xotirangizda hamisha muhrlanib qoladi.
O‘zbekistonga xush kelibsiz, aziz do‘stlar!
Qadrli yurtdoshlar!
Bugun dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, O‘zbekiston o‘z yo‘lidan dadil bormoqda. Xalqimiz tinchlik va farovonlik, do‘stlik va hamkorlik, bunyodkorlik ruhi bilan yashamoqda.
Bizning har bir maqsad-rejamiz, har bir islohotimiz odamlarimiz hayotini yaxshilashga, ularni rozi qilishga qaratilgan va bu ishlarimiz, inshoolloh, bardavom bo‘lgay.
Aminmanki, siz, azizlar bilan fidokorona mehnat qilib, Xorazm va Qoraqalpog‘istonni dunyodagi eng go‘zal va obod, ilm-fan va innovatsiyalar, madaniyat va san’at yanada rivojlangan zaminga aylantiramiz.
Ana shu olijanob maqsad yo‘lida barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman.
Jonajon Vatanimiz hamisha omon bo‘lsin!
O‘zbekistonimiz gullab-yashnasin!
Katta rahmat sizlarga!