
16.06.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-iyun kuni islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilish boshida joriy yilning besh oyidagi iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlar qayd etildi. Bu davrda sanoat 6,4 foiz o‘sgan, eksport miqdori 18 foiz, xorijiy investitsiyalar 46 foiz oshgan. Qiymati 3 milliard dollarlik 2 ming 500 dan ziyod yangi quvvat ishga tushgan. 2 million 400 ming odam daromadli bo‘lgan.
Shu bilan birga, dunyoda turli mojarolar avj olayapti, savdo aloqalari va logistika qiyinlashayapti. Tinchlik, adolat va inson qadrini ulug‘lashga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham oshib borayapti.
Shuning uchun hokimlar va vazirlar imkoniyatlarni to‘g‘ri baholab, tashabbus ko‘rsatib ishlashi, aholi va biznes bilan muloqotni yanada kuchaytirib, muammolarni tez-tez hal qilib berishi zarur.
Yig‘ilishda bu masala hududlar va tarmoqlar kesimida tahlil qilinib, tizimli kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, har bir tumandagi 40 dan ziyod tashkilotda o‘rtacha 500 nafar xodim ishlaydi. Lekin ayrim oddiy masalalarni hal qilish uchun ham viloyatdan, ular esa respublikadan ruxsat olishi kerak. Yoki, vakolati va mablag‘i yetarli bo‘lgan tashkilotlar o‘zini “nazoratchi” deb bilib, aholining og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanmayapti.
Vazirlar, hukumatdagi mas’ullar tartib-intizomga qattiq e’tibor bermagani uchun islohotlar ijrosi cho‘zilib ketayapti. Sud qarorlari vaqtida bajarilmayotgani yuzasidan ham murojaatlar ko‘p.
Yilning qolgan davrida 26,5 milliard dollar investitsiya kiritilishi, 1 sentyabrgacha 3,3 milliard dollarlik 35 ta yirik loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida 30,5 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi. Ular bo‘yicha ham tizimli ish olib borish kerak.
Shu bois yig‘ilishda ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Bundan buyon ijro intizomiga Hisob palatasi mas’ul bo‘ladi, uning vakolatlari kengaytiriladi. Berilgan mablag‘larning faqat to‘g‘ri sarflanishi emas, balki nima samara bergani, aholi bundan qanchalik rozi bo‘lgani ham o‘rganiladi. Palata bu tahlillardan kelib chiqib, davlat rahbariga takliflar kiritadi. Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi tugatiladi.
Toshkent shahrida o‘zini oqlagan “Xalq nazorati” elektron portali butun respublikada ishga tushiriladi. Bu tizim murojaatlarning yagona platformasi bo‘ladi va unga barcha vazirlik, idora, hokimliklar ulanadi.
Oxirgi paytlarda Xalq qabulxonalari aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga, murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi vositachiga aylanib qolgan edi. Joylardagi muammolar hal bo‘lmagani uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar ko‘paygan.
Prezidentimiz aholining dardu tashvishlarini eshitib, odamlarga sharoit yaratib berish rahbarlarning asosiy vazifasi ekanini ta’kidladi.
– Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak. Xalqning dardi bilan yashash biz uchun majburiyat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois Xalq qabulxonalari tarkibi fidoyi mutaxassislar bilan to‘ldirilishi aytildi. Endi Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qiladi. Ular har kuni ishini aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlaydi. Bugun tug‘ilgan muammoni keyinga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaatni boshqa idoraga yubormasdan, shu joyning o‘zida hal qiladi. Buning uchun tuman hokimining vakolatlari kengaytiriladi.
Masalan, hokimda tuman tashkilotlari shtatini taqsimlash, yaxshi rahbarni rag‘batlantirish, sustrog‘ini vazifasidan ozod qilish bo‘yicha vakolat yo‘q. Hokim ham, o‘rinbosarlari ham ko‘p vaqtini yig‘ilish o‘tkazishga sarflayapti.
Quyi bo‘g‘indagi shtatlar hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadiga mos emas. Tarmoq tashkilotlari ko‘p yillik rejalar dasturini qilib, tashabbus ko‘rsatmayapti, kunlik topshiriqlar bilan ovora.
– Tuman bo‘g‘ini samarali ishlamasa, yuqoridan qanday topshiriq tushirilmasin, ko‘zlangan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari shunga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Endi tumanlarda yondashuv ham, boshqaruv tizimi ham o‘zgaradi. Bu yil Surxondaryo viloyatida hamda 16 ta hududda – Bektemir, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Quva, Shovot, Hazorasp tumanlari, Marg‘ilon va Yangiyo‘l shaharlarida yangicha boshqaruv joriy etiladi.
Ya’ni, iqtisodiyot va moliya, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, bandlik, qurilish, ekologiya, madaniyat, oila va xotin-qizlar, yoshlar masalalari bo‘yicha 9 ta davlat idorasining tuman bo‘limi hokimlik tizimiga o‘tadi. Ulardagi jami shtatlarni taqsimlash, ishga olish va bo‘shatishni hokim hal qiladi. Tumanlar ixtiyorida qoladigan mablag‘lar manbasi ko‘paytiriladi.
Endi hokimda 4 nafar o‘rinbosar bo‘ladi. Tuman yo shaharning rivojlanish rejasiga qarab, qaysi soha bo‘yicha o‘rinbosar bo‘lishini uning o‘zi belgilaydi. Hokim o‘rinbosariga aniq vazifalar yuklatilib, har bir vazifa va funksiyasi mablag‘i bilan mustahkamlanadi.
Hokim va uning o‘rinbosarlari samaradorlik ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarsa, keyingi yil hududga beriladigan mablag‘ 10-15 foiz ko‘paytiriladi. Aks holda, mablag‘ oshirilmaydi va mas’ul rahbar ishdan ketadi.
Tumanda soha mutasaddilari va yetakchi tadbirkorlardan iborat “Islohotlar shtabi” tuziladi. U orqali mahallalar kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba, kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlanadi. Kelgusi yil uchun budjet, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat, investitsiya va bandlik dasturlari shu asosda tasdiqlanadi.
Bu yangi tajriba, natijalarga qarab, kelgusi yildan butun respublikamizda yo‘lga qo‘yiladi.
Yana bir muhim yangilik – ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1-avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus beriladi.
Lekin, o‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmaganlarga chora ko‘riladi. Ana shunda, hamma intizom va reja bilan ishlashga o‘rganadi.
Yig‘ilishda hududlarda bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksport hamda muhitni yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Soliq ma’murchiligini yaxshilab, aholi tadbirkorligini va ish o‘rni yaratishni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
Mahallalarga suv olib borib, meva-sabzavot yetishtirish, zamonaviy agrotexnologiyalar orqali eksportni ko‘paytirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. O‘rmon va yaylovlardan chorvachilikda foydalanib, go‘sht va sut mahsulotlarini ko‘paytirish, oziq-ovqat inflyatsiyasini jilovlash chora-tadbirlari belgilandi.
Shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish, yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil qilib, tirbandlik va avtohalokatlarni kamaytirishning ahamiyati qayd etildi. Odamlar sayr qiladigan joylar, yashillik va bolalar maydonchalarini ko‘paytirib, xalqni rozi qilish talabi qo‘yildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir, hukumat a’zolari va hokimlar axborot berdi.