
19.07.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori2025-yil 11-iyun kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi doirasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:
I. Ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni tizimli amalga oshirish
1. Quyidagilar:
(a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
(b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi O‘zbekiston tomonining yangilangan tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(i) Bunda Xorijiy investorlar kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash)ga uning huzurida yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil qilish hamda ularning tarkibiga vazirlik va idoralar rahbarlari (xodimlari)ni jalb qilish huquqi berilsin.
II. Kengash kotibiyati va ishchi guruhlar faoliyatini takomillashtirish
2. Kengash a’zolari va xalqaro moliya institutlarining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) Kengash kotibiyatini nodavlat notijorat tashkilot sifatida tashkil etish hamda uning a’zoligiga xalqaro moliya institutlarini ham jalb qilish;
(b) Kengash kotibiyati tomonidan xorijiy investorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash orqali mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya mablag‘larini jalb qilishga ko‘maklashish;
(v) Kengashning davlat organlari va tashkilotlari bilan bog‘liq faoliyatini Kengash kotibiyati tomonidan muvofiqlashtirish, shuningdek, Kengash majlislarida muhokama qilinadigan masalalar bo‘yicha mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan maslahatlashuvlarni tashkil etish;
(g) Kengash kotibiyati hamda ishchi guruhlarning faoliyati natijalari haqida har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish.
3. Quyidagilar Ishchi guruhlarning vazifalari etib belgilansin:
(a) har oyda Kengash kotibiyati bilan hamkorlikda mazkur qarorga 1-ilovada keltirilgan harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muhokamalar o‘tkazib borish;
(b) investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish.
III. “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimini joriy qilish
4. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlar rahbarlari:
(a) “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadigan axborot tizimlari ro‘yxatiga asosan integratsiya qilish ishlarini grafikka muvofiq yakunlashga;
(b) “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimiga manzilli va istiqbolli loyihalarni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tasdiqlangan shaklga muvofiq kiritishga shaxsan mas’ul va javobgar etib belgilansin.
5. Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev bir hafta muddatda aniq muddat va mas’ullarni belgilagan holda davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan axborot tizimlarini “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimi bilan integratsiya qilish mexanizmlari va grafigini tasdiqlasin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
6. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari mazkur qarorga 1-ilovadagi harakatlar rejasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning belgilangan muddatlarda samarali, so‘zsiz, sifatli va to‘liq hajmda amalga oshirilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakili A.Yu. Magrupov, Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Xodjayev, J.A. Qo‘chqorov hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi:
(a) Kengashning uchinchi yalpi majlisi davomida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan muntazam va tizimli monitoring hamda qat’iy nazorat olib borsin;
(b) ushbu qarorga 1-ilovada keltirilgan harakatlar rejacining so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirsin, har chorak yakunida hisobotlarini tanqidiy muhokama qilib borsin, shuningdek, chora-tadbirlarning ijrosiga to‘sqinlik qiluvchi salbiy omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev