
20.08.2025
Davlatimiz rahbari Yangi Toshkentdagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Bu shahar qurilishiga 2023-yilda tamal toshi qo‘yilgan edi. Bugunga kelib ilk inshootlar qad ko‘tarib qoldi. Bunyodkorlik uchun Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 700 gektar yer ajratilgan. Loyihaning konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning “Cross-works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda inshootlar qurilib, 600 ming aholi uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Loyiha to‘liq yakunlanganida 2 million nafar odam yashaydigan aylanadi.
Bu raqamlar hududdagi bunyodkorlik ko‘lami nechog‘lik katta ekanini ko‘rsatadi. Infratuzilma shunga yarasha sifatli va uzoq muddatli bo‘lishi lozim. Shu bois hozirgi kunda shaharning “tagi” – yerosti muhandislik tarmoqlari qurilmoqda.
Xususan, bir va ikki seksiyali kollektorlar yotqizilyapti. Ular orqali markazlashgan issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi, telekommunikatsiya kabi barcha muhandislik tarmoqlari yer ostidan o‘tkaziladi. Shuningdek, transportlarning erkin qatnovi uchun tunnellar va yerosti turargohlari barpo etiladi.
Har bir loyihada zamonaviy yondashuv, mukammal yechim va yashillik e’tiborga olinmoqda. Xususan, ekologik toza transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar harakati muvofiqlashtiriladi. Piyodalar hamda velosipedchilarning to‘siqsiz va xavfsiz harakatlanishi uchun keng qulaylik yaratiladi.
Hududga 60 dan ortiq davlat idoralari uchun ma’muriy binolar barpo etiladi. Bugungi kunda o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar shu yerdagi vaqtincha tashkil etilgan obyektlarda faoliyat boshlagan.
Davlatimiz rahbariga yaqin istiqbolda ko‘zda tutilgan loyihalar haqida axborot berildi.
Shaharga ko‘plab mahalliy va xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Bugungi kunda auksionda sotilgan 13 ta tijoriy lotlar bo‘yicha 554 million dollarlik investitsiya shartnomalari tuzilgan.
Bu yerda qad rostlaydigan mehmonxona va restoranlar, o‘ziga xos dizayndagi muhtasham binolar tashrif buyuruvchilarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishi bilan birga shaharni turizm markaziga aylantirishi shubhasiz.
Hududdagi qurilish jarayonida 160 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi. Kelajakda esa shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli yuz minglab doimiy ish o‘rni bo‘ladi. Buning uchun yangi ta’lim va tibbiyot klasterlari, axborot texnologiyalari xizmatlari va texnoparklar tashkil etiladi.
Prezident loyihalarga investitsiyalar jalb etish, dam olish joylari va xizmatlarni qulay yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdi.