
16.09.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-sentyabr kuni Uychi tumanida Namangan viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Hududda amalga oshirilgan salmoqli ishlar iqtisodiyot rivoji va aholi farovonligida namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi sakkiz yilda viloyatga 7 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgan, 8 mingga yaqin yangi korxona ishga tushgan. Eksport qilinayotgan mahsulotlar turi 2 karra ko‘payib, 1 mingdan oshgan.
Mehnatga layoqatli aholini 82 foizi kichik biznes va tadbirkorlik orqali ro‘zg‘or tebratayapti. Aholining real o‘rtacha daromadi 3 barobar oshdi. Muhimi, bunday o‘zgarishlarni Namangan ahli o‘zining kundalik hayotida his qilayapti.
Yig‘ilishda bu sur’atini davom ettirib, natijadorlikni yanada oshirish imkoniyatlari tahlil qilindi. Xususan, yil yakunigacha 4 milliard 200 million dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish, 323 ming odamni ishli qilish, 26 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari mahallalarni obod qilish bo‘yicha muhim tashabbusni ilgari surdi. Unga ko‘ra, yurtimizda “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi amalga oshiriladi. Ushbu dasturga Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi 4 tadan, qolgan hududlardagi 2 tadan tuman, shuningdek respublika bo‘yicha eng “og‘ir” 328 ta mahalla kiritiladi.
Qisqa vaqt ichida Namanganda kambag‘allik 2,5 barobar kamaygan. Tadbirkorlik loyihalari ko‘paygani, o‘rtacha oylik oshgani hisobiga ikki yilda migratsiyadagi 62 ming odam qaytgan.
Islohotlar shtabiga viloyatdagi xushmanzara joylar bo‘yicha master-reja ishlab chiqib, amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga keyingi yilda 50 ming odamni ishli va daromadli qilish topshirildi. Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on va Chustdan o‘tgan daryo va soy o‘zanlarining 40 kilometr qismida ham 650 ta servis obyektini qurib, 10 ming odamni daromadli qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bugungi kunda viloyat sanoatining uchdan biri, eksportining yarmi to‘qimachilik sohasiga to‘g‘ri keladi. Namanganlik tadbirkorlar brend bilan ishlash bo‘yicha respublikada yetakchi.
Investitsiya olib kelish va brendlar bilan hamkorlikni kengaytirish uchun bir oyda viloyatda alohida loyiha ofisi ochiladi. Xalqaro sertifikat olgan tekstil korxonalari 50 taga yetkaziladi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha Varshava va Londonda kamida 1 ming kvadrat metrli savdo uylarini tashkil qilish topshirildi. Umuman, viloyatda bu yil to‘qimachilik mahsulotlari eksportini 500 million dollarga yetkazish, ikki yilda 1 milliard dollarlik 25 ta yirik loyihani ishga tushirish mumkinligi qayd etildi.
Yil boshidan buyon viloyatga 1 million 200 ming xorijiy, 2 million mahalliy sayyoh kelgan, turizm eksporti 200 million dollardan oshgan.
Shunga mos ravishda turizm infratuzilmasini ham rivojlantirish kerak. Lekin Namangandagi eng jozibali hududlardan biri – Chortoq tumani imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayapti. Turistlar uchun onlayn ma’lumot olish, joyni oldindan band qilish, madaniy hordiq chiqarish kabi oddiy xizmatlar ham yo‘lga qo‘yilmagan.
Shu bois Chortoq butun yil davomida xizmat ko‘rsatadigan vodiyning turizm xabiga aylantirilishi aytildi. Bunday loyihalar infratuzilmasi uchun 50 million dollar ajratiladi.
Jahon banki bilan O‘rta shaharlarni rivojlantirish loyihasi doirasida bu yil “Furqat” bog‘i rekonstruksiya qilinib, hududi qariyb 2 barobar kengaytiriladi. Chortoqsoy bo‘ylab 11 kilometr uzunlikda piyodalar va velosiped yo‘laklari quriladi.
Jadal kompleks rivojlantirish dasturi doirasida Chortoqsoy va Katta Namangan kanali qirg‘oqlarini 7 kilometri betonlashtirilib, 30 gektar yer foydali maydonga aylantiriladi. Bu yerdagi ko‘p yillik bog‘lar bilan uyg‘un holda sanatoriy tipidagi yirik servis obyektlari barpo etiladi.
“Chortoq” suv ombori atrofida turizm kompleksi, mehmonxona, restoran, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar tashkil qilinadi. Pop tumanidagi Arashan ko‘li atrofida 1 ming 200 gektar maydonda yiliga 1 million sayyohni qabul qiladigan yirik turizm majmuasi barpo etiladi.
Soha uchun kadrlar tayyorlash maqsadida keyingi o‘quv yilidan Avstriyaning Krems universiteti bilan Namangan davlat universitetida qo‘shma fakultet tashkil qilinadi.
Prezidentimiz ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Uychi, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarini viloyat markazi va boshqa tumanlar bilan bog‘lovchi asosiy yo‘l tirband bo‘lib kelayotgan edi. Shu bois, 63 milliard so‘m hisobiga Norin daryosi ustidan 480 metr uzunlikdagi yangi ko‘prik qurilmoqda.
Shuningdek, Qoradaryo ustidagi 63 yil oldin qurilgan Namangan va Andijon viloyatlarini bog‘lovchi 180 metrli eski ko‘prikni rekonstruksiya qilish boshlandi. Buning natijasida transport qatnovi 2 barobar oshadi, yo‘lga ketadigan vaqt 1,5 karra qisqarib, tirbandlik kamayadi. Ushbu ko‘priklar kelgusi yilda ishga tushiriladi.
Viloyat markazini poytaxt bilan bog‘laydigan, kuniga 15 ming transport harakatlanadigan “Pungon-Namangan” yo‘lining 75 kilometri rekonstruksiya qilinadi. Bu yo‘l 246 million dollar hisobiga 4 tasmali, beton qoplamali qilib quriladi.
Viloyatdagi 30 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvi yetib bormagani, tarmoqlarning 21 foizi ta’mirtalab ekani ko‘rsatib o‘tildi. Kanalizatsiya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham murojaatlar ko‘p.
Shuning uchun bu yil viloyatda suv tizimini yaxshilashga 800 milliard so‘m ajratildi. Mutasaddilarga yil yakunigacha 130 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 11 ta suv inshooti qurilishini yakunlab, foydalanishga topshirish vazifa qilib qo‘yildi.
Namangan shahri aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi 70 yil oldin qurilgan “Kurashxona” suv inshooti bugungi kunda 50 foizdan kam quvvatda ishlamoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda bu inshoot rekonstruksiya qilinishi belgilandi.
Yaqinda Namangan aholisi bir millionli shaharga aylanadi. Bu sharoitda bog‘chalarni ko‘paytirish juda dolzarb ekani ta’kidlandi.
Bu borada tadbirkorlarga bir qator yengilliklar e’lon qilingan edi. Ulardan unumli foydalanib, Namangan shahrida bu yil 5 ming, keyingi yil 15 ming o‘rinli bog‘cha tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi. Viloyatdagi 49 ta texnikumda xorijiy standartlar va dual ta’lim joriy etilishi aytildi.
So‘nggi uch oyda “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida 3 mingga yaqin muhtoj insonlarga qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Natijada bu bilan band bo‘lgan 350 kishi ishga joylashgan. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga endilikda demensiya va Parkinson bilan og‘rigan odamlar uchun ham qarab turish xizmatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
– Bugun sizlar bilan shahar va tumanlarni rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash bo‘yicha yangi marralarni belgilab oldik. Agar bir birlashsak, bundan ham katta natijalarga erisha olamiz. Ishning ko‘zini biladigan, tadbirkor va mehnatsevar namanganliklar bilan viloyatni yurtimizning eng obod va farovon hududilaridan biriga aylantiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalar bo‘yicha hudud va tarmoqlar rahbarlari axborot berdi, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari bilan muloqot bo‘ldi.