09.11.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining QaroriDavlat tibbiyot muassasalari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish, samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
Quyidagilar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish;
(b) aholiga sifatli va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan fidoyi xodimlarga qo‘shimcha rag‘batlantirish choralarini joriy etish;
(v) istiqbolli yosh mutaxassislar o‘z kasbiy malakasini oshirib borishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish;
(g) “shifokor – aholi salomatligi posboni” shiori ostida jamiyatda ularning nufuzini oshirish.
II. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash
2026-yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantirilsin.
Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha tanlov o‘tkazilsin:
(a) “Eng yaxshi respublika shifoxonasi rahbari”, “Eng yaxshi hududiy sog‘liqni saqlash organi rahbari”;
(b) har bir hududda:
(i) “Eng yaxshi tuman (shahar) sog‘liqni saqlash organi rahbari”, “Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifokori” va “Eng yaxshi tuman (shahar) o‘rta tibbiyot xodimi”;
(ii) “Eng yaxshi oilaviy poliklinika”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifoxonasi” va “Eng yaxshi hududiy shifoxona”.
Belgilansinki:
(a) tanlov natijalari asosida g‘oliblar quyidagi miqdorlarda Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) hisobidan bir martalik rag‘batlantiriladi:
(i) tibbiyot muassasalari – 500 million so‘m;
(ii) tibbiyot va rahbar xodimlar – 30 million so‘m;
(b) tanlov g‘oliblari Tibbiyot xodimlari kuni arafasida e’lon qilinadi, ularni davlat mukofotlariga tavsiya etish hamda xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy tashkilotlarda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan menejerlik va boshqa zamonaviy dasturlar asosida o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
(v) “Eng yaxshi respublika shifoxonasi rahbari”, “Eng yaxshi tuman (shahar) sog‘liqni saqlash organi rahbari” va “Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari” nominatsiyalari bo‘yicha tanlov g‘oliblari “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlashga tavsiya etiladi.
2026-yil 1-apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi besh kunlik ish haftasiga o‘tkazilsin. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
Belgilab qo‘yilsinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:
(a) tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan tuman (shahar) tibbiyot muassasalari shifokorlariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi;
(b) davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga respublika hududidagi oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yillik kontrakt summasining 30 foizi miqdoridagi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab beriladi;
(v) tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi va yuqori impakt-faktorli jurnallarda maqolalarni chop etish bilan bog‘liq xarajatlari to‘liq qoplab beriladi;
(g) har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining 25 foizi qoplab beriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining milliy akkreditatsiyadan o‘tgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga 2026-yil 1-yanvardan boshlab lavozim maoshining 10 foizi miqdorida oylik ustama to‘lash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga quyidagi qo‘shimcha imtiyozlar berilsin:
(a) davlat tibbiyot muassasalarida kamida 3 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bir yilda bir marotaba bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish;
(b) davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda tibbiyot muassasasining mablag‘lari hisobidan bir yilda bir marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yo‘llanma berish;
(v) barcha turdagi davlat xizmatlari uchun to‘lovlar miqdorini ikki barobar kamaytirish.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat qilish
Sog‘liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda mazkur qarorda belgilangan imtiyozlarni qo‘llash hamda tanlov g‘oliblarini aniqlash bo‘yicha mezon va tartib-taomillarni tasdiqlash choralarini ko‘rsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yildan boshlab:
(a) mazkur maqsadlar uchun har yili Jamg‘armaga qo‘shimcha indeksatsiya qilib boriladigan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratsin;
(b) Davlat budjeti parametrlarida mazkur qaror bilan belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larning ko‘zda tutilishini ta’minlasin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul hamda shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining tibbiyotni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari T.A. Aliyeva zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev


