icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi

26.12.2025

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!

Hurmatli deputat va senatorlar!

Muhtaram mehmonlar!

Bugun Oliy Majlisga va koʻpmillatli xalqimizga kelgusi yil uchun Murojaatnomani taqdim etar ekanman, avvalo, barchangizni sogʻ-salomat, koʻtarinki kayfiyatda koʻrib turganimdan xursandman.

Soʻnggi toʻqqiz yilda biz sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdik. Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlarini, ijtimoiy himoyani kengaytirdik, qonun ustuvorligini mustahkamladik. Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni oʻrgandik. Buning tasdigʻini tobora yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va qishloqlarimizda, zamonaviy korxonalar, savdo-servis maskanlari, maktab, bogʻcha va shifoxonalar, obod koʻcha va mahallalar, transport-logistika tizimi, raqamli xizmatlar misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Qadrli vatandoshlar!

Bugungi kunda dunyoda sodir boʻlayotgan va yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan oʻzgarishlar, davlatlar oʻrtasida iqtisodiy qarama-qarshilik, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan tahlikali bir vaziyatda sizlar bilan oʻta murakkab yilni yakunlayapmiz.

Qanchalik ogʻir boʻlmasin, boshlagan demokratik islohotlarimizni qatʼiy davom ettirganimiz; xalqimizning qoʻllab-quvvatlashi va yoshlarimizning gʻayrat-shijoati; hamjihatlik asosi boʻlgan mahallaning hayotimizdagi oʻrni va taʼsirini kuchaytirganimiz; odamlarimizning ongi va dunyoqarashini oʻzgartirib, el-yurtimizni yanada jipslashtirganimiz; tadbirkor, dehqon va fermerlarimizning tashabbuskorligi va mardona mehnati; oʻzaro manfaatli hamkorlikka asoslangan doʻstona tashqi siyosatimiz hisobiga 2025-yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishdik.

Avvalo, jahon miqyosida ishlab chiqarish va transport-logistika zanjirlari uzilgan, xomashyo va moliyaviy resurslar narxi oshgan sharoitda ham mamlakatimiz iqtisodiyoti ishonchli va barqaror oʻsishda davom etayotganini qayd etish lozim.

Bu natijalar dunyo hamjamiyati va nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda.

Eʼtibor bering, bundan toʻqqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra boʻlib koʻrinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Bunday yuksak natijalar xalqimizning, barchamizning qanday ulkan ishlarga qodir ekanimizni yaqqol namoyon etmoqda.

Global savdo tizimida “oʻyin qoidalari” oʻzgarayotgan bir paytda biz bu yil eksportimizni 23 foizga oshirib, 33,4 milliard dollarga yetkazamiz. Eng muhimi, islohotlarimiz uchun mustahkam moliyaviy baza boʻladigan oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollardan oshdi.

Bu yil iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etmoqda. Bu esa iqtisodiyotimiz kelgusi yillarda ham yuqori surʼatlar bilan barqaror oʻsib borishi uchun zamin boʻladi.

Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori va nufuzi, xalqaro reytinglardagi oʻrni tobora mustahkamlanib bormoqda. Xususan, yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren reytingini “BB -”dan “BB” pogʻonasiga koʻtardi.

Bu gaplar koʻpchilikka oddiy bir fakt boʻlib tuyulishi mumkin. Lekin, iqtisodchilar, investor va bankirlar gap naqadar katta natijalar haqida borayotganini juda yaxshi tushunib turibdi. Birgina ana shu oʻzgarish tufayli chetdan jalb qilinadigan resurslarning foiz stavkasi 1-1,5 punktga pasayib, tashqi qarz xarajati yiliga kamida 300 million dollarga kamayadi.

Shuningdek, Jahon banki eʼlon qilib boradigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksida Oʻzbekiston 71 pogʻona yuqori koʻtarilib, dunyoning top-10 ta mamlakati qatoridan joy oldi.

Aholi farovonligi va biznesni oʻstirishga xizmat qiladigan infratuzilmani yanada yaxshilash boʻyicha ham 2025-yil katta oʻzgarishlar yili boʻldi. Xususan, energetika sohasida tub burilish yasaganimiz hisobiga elektr ishlab chiqarish hajmini 85 milliard kilovatt-soatga yetkazdik.

Tasavvur qiling, 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soat generatsiya darajasida qolib ketganimizda, hozir iqtisodiyotimiz hajmini 2 karra oshira olarmidik? Ishlab chiqarishning oʻsib borayotgan talabini, 38 million aholi ehtiyojini qoplab boʻlarmidi?

Bu yil 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib bordi, yana 2 million 300 mingga yaqin aholining suv taʼminoti yaxshilandi. Yoki 867 ta “ogʻir” mahalladagi 470 mingta xonadonga tomorqalarni sugʻorish uchun ilk bor suv yetib bordi.

Joriy yilda aholiga 8 million 100 ming kvadrat metrli, 135 ming xonadondan iborat koʻp qavatli uylar topshirilmoqda, odamlarning oʻzi ham yashash sharoitini yaxshilash uchun 19 million kvadrat metr maydonda qurilish qildi. Biznes vakillari tomonidan 24 million kvadrat metr noturar-joy obyektlari barpo etildi.

Umuman, soʻnggi toʻqqiz yilda 210 million kvadrat metrli turar-joy va noturar-joy obyektlari foydalanishga topshirildi.

Bu raqamlarga urgʻu berib aytayotganim albatta bejiz emas. Agar yoʻl, suv, elektr va boshqa infratuzilmalar uchun zarur mablagʻni topib bermaganimizda, quruvchilar va qurilish materiallari korxonalari uchun sharoit yaratib bermaganimizda, ipoteka tizimini yoʻlga qoʻymaganimizda, shuncha bunyodkorlik ishlari boʻlarmidi?

Joriy yilda 5 million aholimiz daromadli boʻlib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambagʻallikdan chiqdi, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambagʻallikdan xoli” hududga aylandi.

Kambagʻal oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bogʻchalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. Bu yildan boshlab, 208 ta bogʻchada birinchi marta inklyuziv taʼlim tizimini joriy etdik.

Taʼkidlash kerakki, yurtimizda kambagʻallik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi.

Bir eslang, bu ishlarni boshlaganimizda aholimizning uchdan bir qismi kambagʻallik chegarasida yashardi. Kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimini yoʻlga qoʻyganimiz va bularni mahalladagi “yettilik”ning oʻziga berganimiz natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambagʻallikdan chiqdi, ishsizlik 2 karra qisqardi. Natijada uch yil oldin kambagʻallikni 2026-yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish boʻyicha olgan marramizni shu yilning oʻzida uddaladik.

Eng muhim yutuqlarimiz haqida soʻz yuritganda, azm-u shijoatli sportchilarimizning nufuzli xalqaro musobaqalarda erishgan gʻalabalarini mamnuniyat bilan taʼkidlash oʻrinlidir.

Avvalo, Oʻzbekiston futboli uchun 2025-yil chinakam tarixiy yil boʻldi. Milliy terma jamoamiz ilk bor Jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Mohir shaxmatchilarimiz Jahon kubogi musobaqalarida munosib ishtirok etdi. Ayniqsa, navqiron grossmeysterimiz Javohir Sindorov eng yosh jahon kubogi sohibi boʻlgani barchamizga yuksak gʻurur bagʻishlaydi.

Eng muhimi, shaxmat olamidagi yutuqlarimiz shu bilan toʻxtab qolgani yoʻq. Oʻtgan haftada 9-17 yoshli shaxmatchilar oʻrtasida “rapid” va “blis” yoʻnalishlari boʻyicha jahon chempionatida yurtimiz vakillari 5 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi.

Bu yilgi Yoshlar Paraosiyo oʻyinlarida jasorat va matonat sohibi boʻlgan sportchilarimiz 125 ta oltin, 77 ta kumush va 52 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, ishtirokchi davlatlar orasida eng yuqori natijani qayd etdi.

Hech shubhasiz, isteʼdodli oʻgʻil-qizlarimiz taʼlim, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, sport va boshqa sohalarda erishayotgan katta yutuqlari bilan ham Yangi Oʻzbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda.

Oʻquvchi va talabalarimiz joriy yilda xalqaro fan olimpiadalarida 51 ta oltin, 101 ta kumush, 126 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, oʻz bilim va salohiyatini butun dunyoga namoyish qildi.

El-yurtimizning faxri boʻlgan bunday farzandlarimizga, ularning ota-onalari va ustoz-murabbiylariga yana bir bor chin dildan tahsin aytamiz.

Maʼlumki, Oʻzbekiston kelgusi yili 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga, 2027-yilda 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatiga, 2029-yilda esa Yoshlar Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qiladi.

Shu bilan birga, 2026-yilda yurtimizda ilk bor maktab oʻquvchilari oʻrtasida nufuzli xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar talabalari oʻrtasida muhandislik yoʻnalishlarida, Turkiy davlatlar texnikumlari oʻquvchilari oʻrtasida kasb yoʻnalishlarida xalqaro olimpiadalar oʻtkaziladi. Ushbu musobaqalarda ham farzandlarimiz munosib ishtirok etadi, deb ishonaman.

Bunday nufuzli tadbirlar Vatanimizni rivojlangan sport va ilm-fan mamlakatiga aylantirish, uning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Keyingi paytda yurtimiz global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda. Xususan, bu yil Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi; YUNESKO Bosh konferensiyasining sessiyasi; “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti va xalqaro Iqlim forumiga mezbonlik qildik.

Shuningdek, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilarining mart oyida Xoʻjandda boʻlib oʻtgan uchrashuvida birinchi marta uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisidagi tarixiy shartnoma imzolandi hamda “Abadiy doʻstlik toʻgʻrisida”gi deklaratsiya qabul qilindi.

Mintaqamiz davlat rahbarlarining yaqinda Toshkentdagi Maslahat uchrashuvi chogʻida biz integratsiya jarayonlarini yangi sifat bosqichiga koʻtarish uchun Markaziy Osiyo hamjamiyati strategik formatini tashkil qilish gʻoyasini ilgari surdik. Ozarbayjonni Markaziy Osiyo hamjamiyati formatiga toʻla huquqli aʼzo sifatida qabul qilish toʻgʻrisidagi qaror tarixiy ahamiyatga ega boʻldi. Ushbu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz oʻrtasida strategik bogʻliqlik va barqarorlikni kuchaytirishi shubhasiz.

Shu bilan birga, oktyabr oyida Bryusselda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Noyabr oyida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo va AQSH sammiti koʻp tomonlama va uzoq muddatli sheriklikni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.

Oʻtgan haftada Tokioda Markaziy Osiyo va Yaponiya yetakchilarining uchrashuvida taʼlim, tibbiyot, raqamli texnologiyalar, infratuzilma va sanoat sohalari boʻyicha muhim kelishuvlarga erishdik. Shu haftaning boshida esa Sankt-Peterburgda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi rahbarlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv ham hamkorligimizning dolzarb yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Bularning barchasi xalqaro aloqalarimizni mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Biz dunyodagi uzoq-yaqin mamlakatlar bilan – Sharq va Gʻarb, Shimol va Janub bilan hamkorlik koʻpriklarini qurishda davom etamiz.

Muhtaram yigʻilish ishtirokchilari!

Bundan ikki yil oldin “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini qabul qilganimizda yalpi ichki mahsulot hajmini 2030-yilgacha 160 milliard dollarga yetkazishni belgilab olgan edik. Koʻrib turibsizlar, mavjud salohiyatimiz, bugungi islohotlarimiz, tadbirkorlarimizning faolligi, xorijiy sheriklarimiz bilan hamkorligimiz oʻsib borayotgani hisobiga bu marraga 2026-yilning oʻzida bemalol erisha olamiz.

Hozirgi global iqtisodiyotda raqobatga chidamli boʻlish uchun malakali kasb egalari va mutaxassislar, zamonaviy texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini unutmaslik lozim. Agar biz sanoatda – elektronika va elektrotexnika, biokimyo va polimerlar, farmatsevtika, mashinasozlik kabi yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan sohalarni rivojlantirish; xizmatlarda – IT, sunʼiy intellekt, fintex, konsalting, transport-logistika kabi katta daromad keltiradigan servislarni koʻpaytirish; qishloq xoʻjaligida – unumdorlikni oshirish uchun bioinjeneriyadan keng foydalanish, ilgʻor agrotexnika va suv tejaydigan usullarni faol qoʻllash; iqtisodiy oʻsish va ekologik barqarorlik oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlash uchun “yashil” energetika, chiqindisiz ishlab chiqarishga oʻtish; taʼlim va tibbiyotda – sifatni yangi bosqichga olib chiqadigan ilgʻor xorijiy tajribalarni keng joriy etish uchun yangi texnologiyalarni olib kirsak, kadrlarni ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy kasblarga tayyorlasak, kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmini 240 milliard dollardan oshirishga barcha imkoniyatlarimiz bor.

Bu raqamlar aniq va puxta hisob-kitoblarga asoslangan prognoz. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va nufuzli ekspertlarning xulosalari ham buni tasdiqlamoqda.

Hurmatli yurtdoshlar!

Biz – bugun 38 milliondan ziyod katta xalqmiz. Mashaqqatli va sharafli mehnatimiz bilan dunyoda hurmat topayotgan, ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan, matonatli va gʻururi baland millatmiz.

Biz oʻzgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni oʻzimiz, oʻz aql-zakovatimiz va masʼuliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz.

Har yili aholimiz oʻrtacha 2 foizga oʻsmoqda, 1 milliondan ziyod oʻgʻil-qizlarimiz katta hayotga kirib kelmoqda. Yoshlarimizga qarab, ular erishayotgan yutuqlarni koʻrib, koʻksimiz togʻdek koʻtariladi, qanday ulkan bunyodkor kuch safimizga qoʻshilayotganidan gʻururlanib ketamiz.

Albatta, bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, xalqimizni yanada birlashtirish va jipslashtirishda, hech shubhasiz, oʻzini oʻzi boshqarishning noyob tizimi boʻlgan mahallaning oʻrni va ahamiyati katta.

Mahalla va yaxshi qoʻshnichilik oʻzaro uygʻun qadriyatlardir. Ular jamiyatda insoniy va ijtimoiy kapitalni yanada boyitishga beqiyos hissa qoʻshadi. Mamlakatimizda oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlarda ishtirok etganlarning 90 foizdan koʻprogʻi oʻzini mahalla jamoasining bir qismi deb hisoblashi ham shundan dalolat beradi.

Barchamiz uchun ham ota, ham ona boʻlgan mahallaga, shu asosda Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusining yuqoriligi ushbu institut avvalo ijtimoiy birdamlik manbai ekanini koʻrsatadi.

Albatta, biz uchun hozirgi global taraqqiyot davrida, dunyoda oʻta keskin va tahlikali jarayonlar yuz berayotgan bugungi kunda milliy birlik nihoyatda muhim va zarur.

Donishmand bobolarimizning “Birlashgan – oʻzar, birlashmagan – toʻzar”, degan hikmatli maqoli bor.

Chindan ham, qarang, kimki birlashdi – hayotda oʻzdi, gʻalabaga erishdi. Kimki birlashmadi – toʻzib, yoʻq boʻlib ketdi.

Tarix davomida qanday ogʻir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh boʻlib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qoʻshni – qoʻshniga koʻmak berib yashagan. Biz mana shunday oʻta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak.

Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar boʻlishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir.

Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining oʻrni va taʼsiri beqiyos. Chunki, mahalla tinch va ahil boʻlsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat boʻladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi.

Shularning barchasini hisobga olib, 2026-yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb eʼlon qilishni taklif etaman.

Qoʻllab-quvvatlaganingiz uchun rahmat.

Yangi yilning nomida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida davlat dasturini qabul qilamiz. Ushbu dasturda yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar oʻz ifodasini albatta topadi. Bu haqda men keyinroq batafsil toʻxtalib oʻtaman.

Oldimizga qoʻygan maqsadlarni faqat oʻzimiz – katta hayotiy tajribaga ega mahalla raislari va faollari, hurmatli nuroniylarimiz, opa-singillarimiz, sergʻayrat yoshlarimiz, ziyolilarimiz, ishbilarmon tadbirkorlarimiz, Vatan posbonlari, bir soʻz bilan aytganda, butun xalqimiz bilan birgalikda amalga oshiramiz.

Hurmatli deputat va senatorlar!

Biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qoʻymoqdamiz. Bu yoʻldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi. Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi jon boshiga oʻrtadan yuqori boʻlgan mamlakatlar qatoriga kirish.

Fargʻona vodiysidan Orolboʻyigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib Jizzax va Sirdaryogacha – yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir fuqaromiz islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada koʻproq his qilishi kerak. Shuning uchun, kirib kelayotgan 2026-yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili boʻladi.

Endi Murojaatnomaning asosiy qismi – 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yoʻnalishdan iborat dastur haqida atroflicha toʻxtalib oʻtamiz.

Birinchi ustuvor yoʻnalish – mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat.

Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yoʻl, suv, elektr va transport taʼminoti, bogʻcha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi. Shu bois mahalla tizimini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi.

Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali biz mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada goʻzal va obod qilish borasidagi ishlarni davom ettiramiz.

Hozirgi vaqtda qaysidir mahallada yoʻl, qaysi birida suv yoki elektr masalasi, boshqasida bogʻcha, maktab, tibbiyot, yana birida uy-joy bilan bogʻliq masalalarga alohida-alohida yechim berilmoqda. Ochiq aytish kerak, buning oʻzi bilan mahalladagi barcha masalalarni toʻliq hal boʻlib qolmaydi. Shuning uchun kelgusi yildan mahallani rivojlantirish boʻyicha kompleks yondashuv joriy etiladi.

Har bir viloyatda 2-3 tadan tumanni tanlab, ulardagi hamma mahallada barcha muammolarni bir vaqtning oʻzida hal qiladigan tizim yaratamiz. Bu yangi tajribani Urgut tumanidan boshladik. Tumanda 100 ming aholiga moʻljallangan zamonaviy ekoshahar barpo etiladi. Kelgusi yil 544 milliard soʻm ajratilib, 72 ta bogʻcha, maktab, poliklinika, shuningdek, ichki yoʻllar quriladi va taʼmirlanadi, kanallar beton bilan qoplanadi, 2 ta sel-suv ombori barpo etiladi.

Tanlab olingan 33 ta tuman va 330 ta sharoiti ogʻir mahalladagi ishlar ham shunday tashkil qilinadi. Ularda bir vaqtning oʻzida tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi. Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion soʻm mablagʻ ajratiladi.

Deputatlarga oʻz okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard soʻm, har bir deputatga 3,3 milliard soʻmdan beryapmiz. Bu borada “yashil hudud”, “yashil bogʻ” yaratish boʻyicha har bir deputatning tashabbusiga qoʻshimcha 330 million soʻmdan yoʻnaltiramiz. Bunday yondashuv orqali 2030-yilgacha barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kiramiz.

Albatta, bu ishlarni samarali tashkil qilish uchun tuman byudjeti daromadlarini kamida 2 karra koʻpaytirishga sharoit yaratib berish zarur. Shu maqsadda, 2026-yil 1-yanvardan boshlab, qoʻshilgan qiymat soligʻidan tushumning Toshkent shahrida 5 foizi, qolgan hududlarda 20 foizi qoldirilib, bu mablagʻning yarmi tumanlar byudjetiga oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, daromadlarning prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismining 50 foizi, ekin yerlarini ijaraga berish va bozorlardan tushumlar ham toʻliq tuman byudjetiga beriladi.

Viloyat, tuman hokimlariga samarasiz va bir-birini takrorlaydigan shtat birliklarni qisqartirib, tejalgan mablagʻni aholi oʻrtaga qoʻygan masalalarni hal qilish uchun ajratishga ruxsat etiladi. Bu orqali tumanlar byudjetida yiliga 5 trillion soʻmlik qoʻshimcha manba shakllanadi va u mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga sarflanadi.

Kelgusi yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion soʻmni viloyatlarning oʻziga beryapmiz. Eng muhimi, bu mablagʻlarning har bir soʻmi aholimiz uchun qoʻshilgan qiymat yaratishi zarur. Shu bois bu pullar umuman qaysidir tuman uchun emas, balki mahallada ish oʻrinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yoʻnaltiriladi.

Marhamat, qaysi mahalla raisi, hokim yordamchisi va mahalla bankiri loyiha qilib, uni asoslab bersa, zarur mablagʻni olsin. Shunda adolatdan boʻladi.

Bu – byudjet mablagʻlarini samarali ishlatishda loyihaviy yondashuv boʻladi.

Urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivojlantirish boʻyicha yangi islohotlarni boshlaymiz. Jumladan, shaharlar tartibsiz kengayishining oldini olish boʻyicha aniq mezonlarni belgilaymiz va shu orqali ekin maydonlari asossiz qisqarib ketishiga chek qoʻyiladi.

Masalan, aholisi 250 ming kishidan ziyod shaharlar hozirgidek tartibsiz kengayib ketaversa, 2050-yilga borib 27 ming gektar ekin maydonlari boy beriladi. Albatta, bunga yoʻl qoʻyish mumkin emas.

Shuningdek, respublikamizda ilk bor 45 ta aglomeratsiya hududini belgilaymiz. Kelgusi yilda “Barqaror shahar” platformasini ishga tushirib, “yashash uchun qulaylik indeksi”ni yuritish yoʻlga qoʻyiladi. Bu indeks orqali shaharlardagi har bir mahallaga xos muammolar aniqlanib, ularga mos yechimlar beriladi.

Biz kambagʻallikni qisqartirish masalasini umummilliy harakatga aylantirdik. Takror aytaman, oʻtgan davrda 8,5 milliondan ziyod aholini kambagʻallikdan chiqarishga erishdik.

Asosiy maqsadimiz – odamlarimizni doimiy daromadli qilishdan iborat. Puli bor odam yaxshi kiyinish va ovqatlanishga, sifatli taʼlim va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga, mazmunli dam olishga, bir soʻz bilan aytganda, farovon yashashga intiladi.

Muhimi, bu jarayonda tadbirkorlarimiz hal qiluvchi kuch sifatida eng oldingi safda turib, sanoat va servis obyektlarini tashkil qilib, doimiy ish oʻrni yaratishda, aholimiz, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni kasbga oʻrgatib, mahallalarning oʻzida ishli va daromadli qilishda alohida jonbozlik koʻrsatmoqda. Shuning uchun tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha siyosatimizni davom ettirib, 2026-yilda asosiy soliq stavkalarini oʻzgarishsiz qoldiramiz; tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratiladi; kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion soʻm resurs beriladi. Shundan 43 trillion soʻmi xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.

Bundan tashqari, 2026-yilda “mahallada sanoat va xizmat” loyihasi orqali 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini ishga tushirish uchun 5 trillion soʻm kredit beriladi. Kredit foizining milliy valyutada 10 foizgacha, xorijiy valyutada 4 foizgacha boʻlgan qismi Tadbirkorlik kompaniyasidan qoplab beriladi. Buning uchun ham byudjetdan 400 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Natijada mahallalarda 100 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Har bir mahallada 40 tadan mikroloyihani amalga oshirib, 360 ming aholini ishli qilish uchun mahalla bankirlari va hokim yordamchilariga 2026-yilda yana 7,5 trillion soʻm resurs ajratiladi.

Yangi yilda mahallalardagi aholini, xususan, xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, buning uchun zarur infratuzilmani yaratish boʻyicha uch yillik dastur qabul qilib, bunga 1 trillion soʻm yoʻnaltiramiz. Mahalla yoshlarining kitobxonlikka boʻlgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida maktab kutubxonalarini har yili 10 million dona badiiy adabiyotlar bilan taʼminlab boramiz.

Ana shunday ishlarimiz tufayli 2026-yilda 1 million odamni doimiy ish bilan taʼminlab, 181 ming oilani kambagʻallikdan chiqaramiz, kambagʻallik va ishsizlik darajasini 4,5 foizga tushiramiz, kambagʻallikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazamiz.

Qadrli vatandoshlar!

Ikkinchi ustuvor yoʻnalishimiz – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazishdan iborat.

Jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda faqat yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan davlatlargina dunyo bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlmoqda. Shuning uchun iqtisodiyotning barcha sohalarida yuqori samaradorlikka erishish – kelgusida islohotlarimizning bosh mezoni boʻlishi shart.

Masalan, sanoatda yuqori texnologik va kam energiya isteʼmol qiladigan tarmoqlarni rivojlantirganimiz hisobiga joriy yilda 1 dollar mahsulot uchun sarflanadigan yoqilgʻi-energiya miqdorini 13 foizga kamaytirishga erishdik. Birgina shuning oʻzi yana 1 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish imkonini berdi.

Bu misol shuni koʻrsatadiki, qayerda yangi texnologiya va yuqori malakali kasb egalari boʻlsa, oʻsha tarmoqda oʻsish, rivojlanish boʻlmoqda.

Shu bois 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun eng toʻgʻri yoʻl – barcha sohalarni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazishdir. Bu – kelgusi yillarda iqtisodiy taraqqiyot strategiyamizning asosiy yoʻnalishi boʻladi.

Yurtimizdagi qulay biznes muhiti, demografik oʻsish, inson kapitaliga berilayotgan eʼtibor – Oʻzbekistonni investorlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda. Masalan, biz toʻqqiz yilda barcha iqtisodiyot tarmoqlariga 130 milliard dollarlik xorijiy investitsiya olib keldik. Joriy yilning oʻzida chet ellik hamkorlarimiz bilan yana 140 milliard dollarlik yangi investitsiyaviy kelishuvlarga erishdik.

Kelgusi yilda 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Bundan buyon har bir dollar investitsiya, eng avvalo, ilgʻor texnologiyalar va ularning transferi; tashqi bozori aniq, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga; energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga; mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga oʻqitish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerak. Yaʼni, yuqori texnologiya va yangi kompetensiyalar olib kirgan, eksport uchun ishlagan investor eng ishonchli hamkorimiz boʻladi.

Bunday strategik investorlarga loyiha uchun yerlar bozor qiymatida toʻgʻridan toʻgʻri beriladi. Yer toifasi oʻzgarganida nobudgarchilik uchun toʻlovni 10 yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi. Yerni rasmiylashtirish, toifasini oʻzgartirish, qurilish va infratuzilmaga ulanishga ruxsatnoma olish uchun investorlar idorama-idora yurmaydi. Ularga “yagona darcha” tamoyili asosida kompleks xizmat koʻrsatadigan “invest.gov.uz” elektron platformasi ishga tushiriladi va barcha vazirliklar bunga ulanadi.

Shu bilan birga, erkin iqtisodiy zonalarga dunyoning mashhur brendlarini jalb qilamiz. Ushbu zonalardagi korxonalar xalqaro texnik reglamentlar, ekologik va mehnat standartlarini qoʻllashi mumkin boʻladi. Ular uchun maxsus – imtiyozli investitsiyaviy, soliq, bojxona va huquqiy rejim joriy etiladi va xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini koʻrib chiqish imkoniyati yaratiladi.

Bularning barchasi – kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hisobidan 1 million yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Yurtimizga investitsiyalar oqimini koʻpaytirish boʻyicha ham juda katta rejalarimiz bor. Shuning uchun har bir kelishuvni loyihaga aylantirish, sarmoyalarni qisqa fursatda jalb qilish va ularning samaradorligiga masʼul, faqat va faqat investitsiya bilan ishlaydigan alohida yangi tizim tashkil etiladi.

Bundan tashqari, mahalliy sanoat va kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha ham xuddi shunday alohida tizimni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiqdir.

Umuman, iqtisodiyotni raqobatdosh qilish, investitsiyalar samaradorligini oshirish, sanoat tarmoqlarini texnologik transformatsiya qilish mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Buning uchun Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari faoliyati tubdan qayta koʻrib chiqiladi.

Yangi texnologik bosqichga oʻtish va qoʻshilgan qiymat zanjirini kengaytirish boʻyicha sanoatni rivojlantirish dasturini boshlaymiz. Bunda kelgusi besh yilda sanoatda qoʻshilgan qiymatni hozirgi 36,5 milliard dollardan kamida 60 milliard dollarga yetkazishni (oʻsish 1,6 barobar); yuqori va oʻrtadan yuqori texnologiyali tarmoqlardagi mahsulotlar hajmini 2,5 barobar oshirishni marra sifatida belgilaymiz. Bunga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida 2026-yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi.

Kelgusi yilning oʻzida 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvat ishga tushiriladi. Masalan, Navoiydagi oltin konlarida maʼdan qazib olish boʻyicha 320 million dollarlik loyiha (3-navbati) ishga tushirilib, qoʻshimcha 2 million tonna maʼdan qayta ishlanadi. Shuningdek, “Muruntov” konini oʻzlashtirishning navbatdagi bosqichi hamda kumush konlari boʻyicha 2 milliard 300 million dollarlik yirik loyihalar amalga oshiriladi. Natijada yiliga 18 million tonna maʼdanni qayta ishlash quvvati barpo etilib, 2030-yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkaziladi.

Yana bir yirik loyiha – Olmaliq kombinatida qiymati 2 milliard 700 million dollar, quvvati 300 ming tonna mis katodidan iborat boʻlgan yangi metallurgiya majmuasini barpo etish boshlanadi.

“Samarqand kimyo” zavodida 381 million dollar investitsiya hisobidan yiliga 370 ming tonna fosforli va 540 ming tonna murakkab oʻgʻitlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Qashqadaryoda 200 million dollarlik yangi kimyo zavodi qurilishi boshlanadi.

Umuman, 2026-yilda kimyo sanoatida – 4,5 milliard dollarlik; togʻ-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, toʻqimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida – 3 milliard dollardan; elektrotexnikada – 2 milliard dollarlik; farmatsevtikada – 800 million dollarlik yangi loyihalar boshlanadi. Shu tariqa 2026-yilda jami eksportimizni 40 milliard dollarga yetkazib, tayyor va yarim tayyor mahsulot ulushini 55 foizdan oshiramiz.

Kelgusi yili iqtisodiyotda 6,6 foiz oʻsishni taʼminlab, yalpi ichki mahsulotni 167 milliard dollarga yetkazish prognoz qilinmoqda. Agar mehnat unumdorligi, energiya samaradorligi va tannarx boʻyicha qattiq ishlansa, bu koʻrsatkichni yanada oshirish uchun barcha imkoniyatlar bor.

Shu bois sanoatda “Unumdorlik va samaradorlikni ikki karra oshirish” dasturini boshlaymiz. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mehnat unumdorligi va energiya samaradorligi boʻyicha alohida loyiha amalga oshiriladi. Ushbu loyihaga xalqaro moliya institutlaridan 200 million dollar kredit va grant jalb qilinib, sanoat korxonalari uchun xorijdan yuqori malakali texnolog va muhandislar olib kelinadi; biznes jarayonlari raqamlashtiriladi; energiya va boshqa xarajatlarni qisqartirish boʻyicha auditlar oʻtkaziladi; ilgʻor texnologiyalar transfer qilinadi.

Bu borada “Toʻrtinchi sanoat inqilobi markazi” tashkil etiladi. Markaz negizida robototexnika, internet buyumlari, “aqlli” fabrika kabi “Industriya 4.0” yechimlarini sanoat korxonalarida joriy etish uchun “tartibga solish mexanizmi” yaratiladi. Bunda korxonalar yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilishdan oldin ularni sinovdan oʻtkazish imkoniga ega boʻladi.

Akkreditatsiya, metrologiya va standartlashtirish sohalaridagi islohotlarimiz natijasida Oʻzbekiston “Global sifat infratuzilmasi” indeksida soʻnggi ikki yilda 15 pogʻona yuqorilab, 185 ta davlat ichida 52-oʻringa koʻtarildi.

Bu albatta yaxshi. Shu bilan birga, mahsulotlarimiz raqobatdoshligini yanada oshirish uchun texnik tartibga solish sohasini yangi bosqichga olib chiqamiz. Buning uchun “Davlat nazorati” tizimidan xalqaro tajribada yuqori samara bergan “Bozor nazorati” tizimiga oʻtamiz. Shuningdek, innovatsiya asosida yuqori texnologik mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalarni ragʻbatlantiramiz. Ular shunday mahsulotni oʻtgan yilga nisbatan oshirsa, koʻpaygan mahsulot hajmi qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya beriladi. Korxona mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalaridan olgan daromadi soliqdan ozod qilinadi.

Ana shunday islohotlar orqali kelgusi besh yilda sanoatda mehnat unumdorligi hozirgi 16,5 ming dollardan 30 ming dollarga yetkaziladi; 1 ming dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratishga ketadigan energiya sarfi 1,5 barobar kamaytiriladi.

Bu yil IT, fintex, sunʼiy intellekt kabi yoʻnalishlardagi mahalliy startaplarga xorijdan 270 million dollar investitsiya jalb qildik. Keyingi yildan “Raqamli startaplar” dasturini kengaytirib, startap gʻoyasidan to eksportgacha koʻmaklashadigan yangi tizimni yoʻlga qoʻyamiz. Bunda xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamgʻarmasidan besh yil muddatga 5 milliard soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi. Oliygohlarning oʻzida qoladigan mablagʻlarning 10 foizi ham inkubatsiya markazlarini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

Bundan tashqari, Markaziy bankda Fintex ofisi va Innovatsion xab tashkil etilib, unga Singapurdan mutaxassislar jalb qilinadi. Bu orqali yiliga 20-30 ta fintex startapni tashqi bozorga olib chiqish, ularga jami 1 milliard dollar investitsiya jalb etish imkoniyati yaratiladi.

Umuman, venchur fondlar, startaplar, fintex kabi yangi moliyaviy instrumentlar bozorini rivojlantirish, bu sohadagi barcha ishtirokchilar huquqlarini qonun bilan kafolatlab qoʻyish zarur. Buning uchun parlamentimiz hukumat bilan birgalikda “Muqobil investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini 1-martgacha ishlab chiqsa, ayni muddao boʻladi.

Bu yil mamlakatimizda IT xizmatlari eksporti ilk bor 1 milliard dollarni tashkil etdi. Biz 2030-yilga borib, IT xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olganmiz. Shu bois jahon bozorida raqobatdoshlikni oshirish uchun Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etdik, IT infratuzilmasiga investitsiya kiritish uchun qator imtiyozlar berdik.

Kelgusi yilda Toshkent shahri, Buxoro, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida 4 ta “Data markaz”, 2 ta super-kompyuter va 15 ta oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bu – tibbiyot, transport, qishloq xoʻjaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda minglab iqtidorli yoshlarimiz IT va sunʼiy intellekt boʻyicha izlanish olib bormoqda. Ularning kvant, dron, robototexnika kabi yoʻnalishlardagi konstruktorlik loyihalarini amaliyotga tatbiq qilish uchun Raqamli texnologiyalar markazi tashkil etiladi. Osiyo taraqqiyot banki buni qoʻllab-quvvatlab, 200 million dollar ajratishga tayyorligini bildirdi.

Sunʼiy intellekt bilan yonma-yon yuradigan kosmik sohadagi tadqiqotlarni rivojlantirish, yoʻldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish borasida ham katta qadamlar tashladik. Bu borada 2028-yilda Samarqandda Xalqaro astronavtika kongressini oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻryapmiz.

Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sunʼiy yoʻldosh va mamlakatimiz fuqarosi boʻlgan birinchi oʻzbek kosmonavtini fazoga uchirish boʻyicha ishlarni boshladik. Bu – Yangi Oʻzbekistonning ilmiy va texnologik rivojlanishiga, umuman, milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki beradi, deb ishonaman.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Maʼlumki, ishlab chiqarish ham, isteʼmol ham barqaror oʻsishi uchun uzoq muddatli mablagʻ zarur. Shu bois kapital bozorini iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantiradigan muhim institutsional ustun sifatida belgilab, global depozitariylarni milliy fond bozorimizga olib kirishimiz kerak. Buning uchun xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlab chiqilgan “Kapital bozori toʻgʻrisida”gi yangi qonun loyihasini tez fursatda qabul qilish lozim.

Kurs tebranishi boʻyicha xatarlarni kamaytirish uchun mahalliy kompaniyalarga ichki bozorda ham xorijiy valyutada obligatsiya chiqarishga ruxsat beriladi.

Kelgusi yili korxonalarimiz ilk bor xalqaro bozorlarda ham aksiyalarini joylashtirishi mumkin boʻladi.

Umuman, kapital bozorini rivojlantirish orqali tadbirkorlarga qoʻshimcha 1 milliard dollar jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

2026-yilda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha ham tub burilishni amalga oshiramiz. Koʻrgan chora-tadbirlarimiz natijasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 45-50 foizdan 28 foizga pasaytirishga erishdik. Lekin bu hali dastlabki qadamlar, xolos.

Bu boradagi ishlarni kuchaytirish uchun alohida dastur qabul qildik. 2026-yilda barcha davlat xizmatlari va kommunal toʻlovlar, yoqilgʻi, alkogol va tamaki mahsulotlari, avtomobil va koʻchmas mulk savdolari naqdsiz toʻlov shakliga oʻtkaziladi; soliq, bojxona, sanitariya-epidemiologiya nazorati, standart, karantin, qurilish nazorati inspeksiyasi, yongʻin xavfsizligi kabi 17 turdagi tekshiruvlarda “bodi-kamera”dan foydalanish majburiy boʻladi.

“Soya”dagi iqtisodiyotdan ixtiyoriy ravishda shaffoflikka chiqmoqchi boʻlgan tadbirkorlar buxgalteriya, statistika, soliq hisobotlarini yuritish boʻyicha bepul oʻqitiladi.

Umuman, dastur doirasida kelgusi besh yilda yashirin iqtisodiyot ulushi 2 karra qisqartiriladi; savdo va servis sohalarida naqd pulsiz toʻlovlar ulushi 75 foizdan oshiriladi; rasmiy sektorda band boʻlgan aholi soni hozirgi 8,5 milliondan 14 millionga yetkaziladi.

Bir soʻz bilan aytganda, “Halol mehnat – xotirjam hayot va farovon jamiyat garovi”, degan shior asosida bu boradagi ishlar umummilliy harakatga aylantiriladi.

Ayrim yurtdoshlarimizda topgan daromadini iqtisodiyotga yoʻnaltirish, bank depozitiga joylashtirish, aktivlarini oʻz nomiga rasmiylashtirish bilan bogʻliq xavotirlar bor. Shu bois deputatlarimiz va Markaziy bank xalqaro tashkilotlar bilan maslahatlashgan holda, fuqarolarimiz yurtimizda yoki chet elda shu paytgacha olgan daromad va aktivlaridan emin-erkin foydalanishiga sharoit yaratish boʻyicha takliflar tayyorlasa, oʻylaymanki, toʻgʻri boʻladi.

Hurmatli parlament aʼzolari!

Endi, ruxsatingiz bilan, uchinchi ustuvor yoʻnalish – ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish masalasiga toʻxtalmoqchiman.

Bozorlarimizdagi toʻkinlik, narx-navo barqarorligi, aholining isteʼmol talabi ortib borayotgani – turmush sifati yaxshilanayotganini koʻrsatadigan eng asosiy omil.

Ichki talabni ragʻbatlantiradigan muhim faktorlardan biri, bu – inflyatsiya darajasidir.

Biz toʻqqiz yilda qulay biznes muhitini yaratib, tovar va xizmatlar hajmi va turini koʻpaytirganimiz; aholini daromadli qilib, kambagʻallikni keskin qisqartirganimiz; kam daromadli oilalar uchun ham yiliga kamida 1 milliard dollar arzon kredit berayotganimiz; narx-navoni jilovlab, inflyatsiya darajasini “bir xonali” raqamga tushirganimiz natijasida aholining xarid qobiliyati 2 karra oʻsdi.

Birgina misol, besh yil oldin aholimiz yiliga 210 mingta kvartira, 600 mingta avtomobil xarid qilgan boʻlsa, bu yil 270 mingta uy, 1 millionta mashina sotib oldi. Agar aholining daromadi, xarid qobiliyati oshmaganida, birgina koʻchmas mulk va avtomobil bozori 20 milliard dollarga yetarmidi?

Oʻtkazilgan soʻrovlar ham, xalqaro ekspertlar tahlillari ham 75 foiz aholining moliyaviy holati keskin yaxshilanganini tasdiqlamoqda. Albatta, bu natijalar bilan cheklanib qolmasdan, xalqimizning daromadi va xarid qobiliyatini oshirish boʻyicha ishlarni izchil davom ettiramiz.

Tahlillarga koʻra, aholi daromadi 10 foizga koʻpaysa, isteʼmol 8 foizga oshadi. Bu – yangi mahsulot va xizmatlarga talab, degani, bu – qoʻshimcha quvvatlar, qoʻshimcha ish oʻrni, degani.

Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, iqtisodiyotda eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 2026-yilda 23 trillion soʻm resurs ajratamiz. Uy-joy sotib olishda boshlangʻich toʻlov va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun 2 trillion 700 milliard soʻm subsidiya beriladi. Shuningdek, bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka krediti miqdori 15 foizga oshiriladi.

Kelgusi yilda 140 mingta kvartirali koʻpqavatli uy-joy barpo etilishi roʻzgʻor uchun zarur isteʼmol tovarlariga talabni oshirishi tabiiy, albatta. Bu talabni moliyaviy manbalar bilan taʼminlash maqsadida 2026-yilda joriy yilgi 104 trillion soʻm oʻrniga 125 trillion soʻmlik isteʼmol krediti ajratiladi.

Umuman, 2026-yilda qurilish ishlari hajmini 11 foizga koʻpaytirib, 30 milliard dollarga yetkazishni reja qilyapmiz.

Buning iqtisodiyotga qanday taʼsir koʻrsatishini hisoblab koʻraylik. Qurilish materiali, uy-roʻzgʻor uchun toʻqimachilik mahsulotlari, elektr texnikasi, mebelsozlik kabi tarmoqlar, ushbu obyektlarga xizmat koʻrsatadigan servis sohalari uchun qoʻshimcha 5 milliard dollarlik bozor boʻladi. Bu – 300 mingta qoʻshimcha yangi ish oʻrni degani.

Aholi daromadi koʻpaygani xizmatlarga talabni oshirib, servis sohasi iqtisodiyotning “drayveri”ga aylanishi uchun katta turtki bermoqda. Bu yilning oʻzida xizmatlar hajmi qariyb 15 foiz oʻsib, 82 milliard dollarga yetdi.

Xizmatlarga boʻlgan talabni ragʻbatlantirish uchun 2026-yilda sohaga 85 trillion soʻm kredit, 9 trillion soʻm subsidiya ajratamiz. Xususan, taʼlim xizmatlari uchun byudjetdan 7 trillion soʻm beriladi.

Keyingi besh yilda xorijiy turistlar sonini 2 karra – 11 million nafardan 20 million nafarga oshirish, turizm xizmatlari hajmini esa 20 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olyapmiz. Shu maqsadda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Samarqandda Bibixonim, Registon majmualari, Amir Temur maqbarasi, Ulugʻbek rasadxonasi, Shohi Zinda va Afrosiyob muzeyini bir-biri bilan bogʻlaydigan zamonaviy yoʻlak va koʻpriklar barpo etiladi.

Shahrisabzda “Gʻelon” yirik turistik majmuasining birinchi bosqichi ishga tushiriladi. Pop tumanida “Arashan” togʻ-dam olish turistik zonasi tashkil etiladi. Xivadagi Ichanqalʼani immersiv, yaʼni, “jonli” va “aqlli” muzey-shaharga aylantiramiz. Xorazm va Qoraqalpogʻistondagi arxeologik yodgorliklar boʻylab yirik turizm halqasi tashkil etiladi.

Shuningdek, yangi yilda tadbirkorlar tomonidan 4 milliard dollarlik 3,5 mingdan ziyod yangi servis obyektlari ishga tushiriladi. Turizm maskanlarini tashkil qilish uchun kelgusi uch yilda 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi.

Bundan tashqari, 2026-yildan “Oʻzbekiston merosi mehmonxonalari” dasturini boshlaymiz. Madaniy meros obyektlarida xususiy sheriklik asosida “butik mehmonxona” tashkil qilish uchun nufuzli mehmonxona tarmoqlari olib kelinadi. Dastur ishtirokchilariga yer, mulk, foyda soliqlari va bojxona toʻlovi boʻyicha imtiyoz beriladi.

Mana shu ishlar hisobiga 2026-yilda xizmatlar bozorini 100 milliard dollardan oshiramiz.

Turistlar oqimi tobora oshayotgani aviatsiya va temir yoʻlda yoʻlovchi tashish quvvatini 2 barobar koʻpaytirishni taqozo etmoqda. Shu bois 2026-yilda aviaparkdagi havo kemalari sonini 105 tadan 120 taga yetkazamiz. Mahalliy aviaqatnovlar sonini oshirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi.

Endi, narxidan qatʼi nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu – chipta narxini pasaytirish va talabni oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, yangi samolyotlarimiz uchun uchuvchilar, ularga texnik xizmat koʻrsatuvchilar, aeroportlar uchun servis va boshqaruv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi.

Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan 6 ta tezyurar poyezd olib kelamiz. Buning birinchi tarkibi yaqin kunlarda keladi.

Umuman, ichki temir yoʻllarni rivojlantirish boʻyicha besh yillik dastur qabul qilinadi.

Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bogʻlash uchun 2026-yildan yana 500 kilometr temir yoʻl qurishga kirishamiz. Kelgusi yili 110 kilometr temir yoʻl tarmogʻi qurilib, Boʻka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari hamda Nurafshon shahri poytaxt bilan bogʻlanadi. Toshkent – Samarqand yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan yoʻlovchi poyezdlar uchun yangi temir yoʻl liniyasi qurishni boshlaymiz. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Navoiydagi vokzallar ham xususiy sheriklik uchun beriladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tahliliga koʻra, sifatli yoʻllar iqtisodiyotimizning kamida 2 foiz oʻsishiga turtki beradi.

Avtomobil yoʻllarining sifatini yaxshilash, tranzit salohiyatini yanada oshirish maqsadida besh yillik dastur amalga oshiriladi. Bunda Andijon bilan Qoʻngʻirotni, Toshkent bilan Termizni, Samarqand bilan Shahrisabzni, Olot bilan Sariosiyoni bogʻlaydigan, uzunligi 4 ming kilometr magistral yoʻllarni xalqaro talablarga mos “avtoban”larga aylantiramiz.

2026-yilning oʻzida Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo hududidan oʻtgan umumiy foydalanishdagi 300 kilometr yoʻllarda rekonstruksiya ishlari yakunlanadi.

Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Boʻstonliq, Pungʻon – Namangan va Qarshi – Shahrisabz yoʻnalishida yuqori tezlikda harakatlanishga moʻljallangan 800 kilometr yoʻllar qurilishiga katta tayyorgarlik koʻrib, hamkorlarni belgilab oldik.

Toshkent – Samarqand yoʻlining qurilishi mart oyidan, qolgan yoʻllar boʻyicha amaliy ishlar esa 1-iyuldan kechiktirmasdan boshlanadi. Yana 1 ming 200 kilometr yoʻllar 2030-yilgacha xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda qayta quriladi.

Endi yoʻllarni loyihalashtirishda aholining fikri, transport qatnovining atrof-muhitga taʼsirini inobatga olish, piyodalar uchun “toʻsiqsiz” muhit yaratish boʻyicha qatʼiy talablar qonun darajasida mustahkamlanadi.

Yoʻl qurilishiga ilgʻor texnologiya va standartlarni joriy etish ustuvor tamoyil sifatida belgilanadi. Parlamentimiz “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilishda yoʻllarni rejalashtirish tizimini nazarda tutsa, maqsadga muvofiq boʻladi.

Aholining daromadi, xorijiy turistlar oqimi tobora ortib borayotgani kelgusi besh yilda oziq-ovqatga boʻlgan talabni 1,5 karra oshiradi. Shuning uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmini hozirgi 40 milliarddan 60 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marra olamiz.

Ikki hafta oldin agrar soha vakillari bilan uchrashib, qishloq xoʻjaligida hosildorlikni yangi texnologiyalar asosida oshirish boʻyicha barcha masalalarni yechimi bilan muhokama qilib oldik.

Umuman, yangi yilda qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash uchun 52 trillion soʻm ajratamiz.

Oziq-ovqat mahsulotlarini xalqimizga barqaror narxda yetkazib berish ham toʻliq isloh qilinadi. Bozorlarimizni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan yil – oʻn ikki oy barqaror narxda taʼminlash uchun 2026-yildan doimiy intervensiya tizimiga oʻtamiz. Hududlardagi “Oziq-ovqat jamgʻarmalari”ga ajratiladigan resursni 2,5 barobar koʻpaytirib, 500 milliard soʻmga yetkazamiz. Shuningdek, meva-sabzavotga ixtisoslashgan 1 mingta mahallada sigʻimi 100 tonnagacha boʻlgan kichik sovitkichli omborlar barpo etiladi.

Bu ishlarimiz kelgusi yil inflyatsiya darajasini 6-6,5 foizga tushirishga xizmat qiladi.

Muhtaram vatandoshlar!

Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish – kelgusi yil uchun dasturimizning toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishidir.

Hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt taʼsirida dunyoda ish oʻrinlarining soni, shakli va mazmuni keskin oʻzgarmoqda. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi toʻliq avtomatlashtiriladi, 50 foizi boʻyicha esa yangi malakalar talab qilinadi.

Bu jarayonlar bizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Sanoatda – avtomatlashgan liniyalar, agrar sohada – aqlli texnologiyalar, transportda –  intellektual boshqaruv kundalik hodisaga aylanib bormoqda.

Endi mamlakatimizning mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va taʼlimni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarur.

Mutaxassislarning fikricha, bolada biror-bir kasbga qiziqish 7-sinfdan boshlanib, qaysi kasbni tanlashi 9-sinfda toʻliq maʼlum boʻladi. Shu bois 9-sinf bitiruvchilarini fanlarni oʻzlashtirishi va kasbiy qiziqishiga qarab saralab olish tizimini joriy qilamiz. Bunda oliygohlarga kirish istagida boʻlmagan yoshlar texnikumlarga yuboriladi.

Yaqinda texnikumlarga zamonaviy qiyofa va yangicha muhit olib kirish boʻyicha besh yillik dasturni tasdiqladik.

Mening niyatim – yoshlarimiz talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha dunyoda raqobatdosh boʻlsin, kerak boʻlsa, boshqalardan bir pogʻona ustun tursin. Ushbu maqsadga erishish yoʻlida kasbiy taʼlimning eng muhim boʻgʻini boʻlgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Buning uchun, 2026-yildan boshlab, har yili kamida 100 tadan texnikumni toʻliq taʼmirlab, texnologik va talab yuqori boʻlgan kasblarga mos holda jihozlab boramiz. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilgʻor taʼlim dasturlari joriy qilingan texnikumlar sonini 100 taga yetkazamiz.

Bugun sizlarga yana bir yangilikni yetkazmoqchiman: 2026-yilda 7 ta viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bunda Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari hududdagi boshqa texnikumlar uchun metodik va amaliyot bazasi sifatida faoliyat yuritsa, “Kasblar shaharchasi” – maktab oʻquvchilarini qurilish, servis, qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yoʻnaltirishga xizmat qiladi.

Bu tizimni mamlakatimizda uch yil oldin yoʻlga qoʻyib, oʻquvchilar qamrovini 15 foizga yetkazdik.

Bugun avtomobilsozlik, “yashil” energetika, qurilish, transport, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, turizm, servis, IT kabi yoʻnalishlarda 70 mingga yaqin oʻquvchi “dual taʼlim” asosida oʻqib, oyiga 10 million soʻmgacha maosh olmoqda.

Endi texnikum va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz. Xususan, “dual taʼlim” asosida oʻqitishni samarali tashkil qilgan korxonalarga 7 yil muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi; tadbirkorlik reytingida qoʻshimcha 5 ball beriladi; korxonalar ishga olgan texnikum oʻquvchisi uchun 1 foizli ijtimoiy soliq imtiyozi yana uch yilga uzaytiriladi.

Shuningdek, 2026-yildan boshlab texnikumlarda taʼlim olayotgan 100 ming oʻquvchiga ilk bor stipendiya toʻlanadi; “aʼlo” baholarga oʻqiyotgan, tanlagan kasbini puxta egallayotgan farzandlarimizga esa oshirilgan miqdordagi stipendiyalar beriladi.

Iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlari uchun yuqori intellektual salohiyatga ega boʻlgan kadrlarni tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirishimiz zarur.

Jizzax politexnika institutini Vengriyaning nufuzli “Obuda” universiteti boshqaruviga berish boʻyicha qaror qabul qildik.

Yaqinda Yaponiyaga tashrifimiz davomida Oʻzbekistonda “Sukuba” milliy universiteti bilan hamkorlikda aniq fanlar boʻyicha yangi oliygoh tashkil qilish haqida kelishib oldik.

Biz bu tajribani davom ettirib, aniq fanlar va texnika yoʻnalishidagi oliygohlarimizga dunyoning eng nufuzli universitetlarini jalb qilamiz.

Yana bir masala – mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy maʼlumotli kadrlar kirib kelmoqda. Endi oliygoh bitiruvchilari va ish beruvchilar oʻrtasida koʻprik boʻlib xizmat qiladigan raqamli ekotizim yaratamiz. Unda talabalarning akademik koʻrsatkichlari va korxonalardagi boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar onlayn tarzda koʻrinib turadi. Ushbu ekotizim bitiruvchi kurs talabalari uchun oʻziga mos ish topish, korxonalarga esa malakali kadrlarni jalb qilish imkonini beradi.

Bu yil sogʻliqni saqlash xodimlari bilan ikki marta uchrashib, koʻrib chiqilgan barcha masalalar boʻyicha alohida farmon va qarorlar qabul qildik.

Tibbiyot tizimida ham kasbiy taʼlimni rivojlantirish uchun Angliyaning “Pearson” kompaniyasi bilan har bir hududdagi bittadan texnikumda xalqaro standart asosida hamshiralar tayyorlash boshlandi. Endi ana shu texnikumlarga Germaniya, Shveysariya, AQSH, Yaponiya kabi davlatlarning taʼlim dasturlari ham joriy etiladi. Shu asosda xalqaro talablarga javob beradigan, xorijiy tillarni biladigan hamshiralar tarkibini shakllantiramiz.

Keng koʻlamli islohotlarimizni sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish boʻyicha ham jadal davom ettiramiz. Tibbiyot muassasalarini yagona yondashuv asosida tashkil etish uchun “master reja” ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, infarkt, insult, onkologik, nefrologik kabi yuqumli boʻlmagan kasalliklarni davolash hamda transplantatsiya, vaksinatsiya, ona-bola salomatligini muhofaza qilish yoʻnalishlariga oʻtgan yillardan 1,5 barobar koʻp – 3,5 trillion soʻm ajratamiz.

Qadrli doʻstlar!

Ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish beshinchi ustuvor yoʻnalishimizdir.

Yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalarni monitoring qilish stansiyasi oʻrnatish uchun birinchi bosqichda 100 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi.

Kelgusi yili Samarqandda Global ekologik jamgʻarmaning navbatdagi assambleyasi va Markaziy Osiyo xalqaro ekokoʻrgazmasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar tarmoqlar, hududlar va biznes uchun hamkorlar topish, yangi ekoloyihalarni birgalikda boshlashga katta imkoniyat yaratadi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 2 mingga yaqin koʻmir va gazda isitiladigan issiqxona bor. Ulardan havoga yiliga 137 ming tonna zararli modda chiqadi. Endi koʻmirda filtrsiz ishlaydigan qozonxonalardan voz kechamiz. Ularni poytaxt atrofidan koʻchirib, hamma joyda markazlashgan qozonxonalar orqali isitishni yoʻlga qoʻyamiz. Shu maqsadda 200 gektardan kam boʻlmagan agroklasterlar tashkil etiladi, ularning tarkibiga oʻtadigan issiqxonalarga alohida subsidiya beriladi.

Shaharlarimizdagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Shu bois dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab, ekologik stikerlar tizimi joriy etiladi. Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi. Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr oʻrnatish uchun davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari koʻriladi.

Buning uchun alohida Jamgʻarma tashkil qilinadi. Eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr oʻrnatib, zararni kamaytirishga tayyor boʻlgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi boʻyicha subsidiya ajratiladi.

Azim poytaxtimiz va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifamiz boʻladi. Shahar koʻchalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yoʻlaklar koʻpaytiriladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimi joriy etiladi.

Ekologik avtomobillarni koʻpaytirish boʻyicha besh yillik dasturni amalga oshiramiz. Bunda mahalliy elektromobillarga 12 foizli, xorijiy elektromobillarga esa 16 foizli avtokreditlar ajratiladi.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi; yerlarni auksiondan 2 karra arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida avtomobillarni zaryadlashda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 soʻmdan oshgan qismi davlat byudjetidan qoplab beriladi.

Elektromobilda taksi xizmati koʻrsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar beriladi.

Eng asosiysi, bu ishlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻysak, poytaxtimiz, viloyat markazlari va yirik shaharlar faqat ekotransportlar harakatlanadigan hududga aylanadi.

Chang-toʻzonlarning oldini olish uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon” va Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekiladi.

Har bir hududda botanika va dendrologiya bogʻlari hamda 20 tadan soya-salqin sayr koʻchalari barpo qilinadi.

Korxonalarda ekostandartlarni joriy qilish uchun kelgusi besh yilda kamida 30 ming nafar ekologiya menejeriga talab paydo boʻladi. Shuning uchun 2026-yilda har bir hududda “yashil” texnikumlar tashkil etilib, dual taʼlim asosida yiliga 10 ming mutaxassis tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Yangi yilda Markaziy Osiyo Yashil universiteti faoliyatini kengaytiramiz.

Havo, suv va tuproq sifatini aniqlash imkonini beradigan kompleks laboratoriyalar tashkil etiladi. Shaharlarda tabiiy ventilyatsiyani kuchaytirishga qaratilgan tadqiqotlar oʻtkaziladi.

Umuman, ekologiya sohasiga 2026-yilda 1 trillion 900 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Soʻnggi besh yilda 6 ming megavattli quyosh, shamol va gidro elektr stansiyalari ishga tushirildi, umumiy generatsiyada “yashil” energiyaning ulushi 30 foizga yetdi.

Yaqinda hamkorlarimiz bilan jami 3,5 ming megavattli 4 milliard 200 million dollarlik yangi “yashil” quvvatlar qurilishiga start berdik. Bu ishlarimiz orqali 2026-yilning oʻzida 7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi va havoga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

Muhtaram vatandoshlar!

Dunyoda suv tanqisligi muammosi tobora dolzarb boʻlib bormoqda. Shu bois islohotlarimizning ilk kunlaridanoq suvdan oqilona foydalanishni davlat siyosati darajasiga olib chiqdik.

Yaqinda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qoʻllash, suv inshootlarini modernizatsiya qilish, sugʻorish tadbirlari boʻyicha kelgusi uch yil uchun qiymati 5,5 milliard dollarlik katta dastur qabul qildik.

Dastur doirasida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovi 61 foizga yoki 2,6 million gektarga yetkaziladi. Natijada yiliga 2,5 milliard kub metr suv tejaladi, 200 ming tonna bugʻ gazi kamaytiriladi.

Umuman, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga 2026-yilda jami 3 trillion 300 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, 1 ming 300 kilometr yirik magistral kanallar beton bilan qoplanadi. Buning uchun byudjetdan 3 trillion soʻm sarflanadi. Bu qoʻshimcha ravishda yiliga 500 million kub metr suvni iqtisod qilish imkonini beradi.

Bundan tashqari, joylardagi ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga oʻtkazish boʻyicha alohida dastur qabul qilamiz. Ushbu maqsadlarga dastlabki bosqichda 2026-yil uchun 100 million dollar ajratamiz.

Kanallarni yopiq tizimga oʻtkazish boʻyicha ham katta loyihalarni boshlaymiz. Qashqadaryodagi “Paxtaobod” kanalini bosimli quvurga oʻtkazish boʻyicha 134 million dollarlik loyiha bu boradagi birinchi qadam boʻladi.

Bular orqali qoʻshimcha ravishda 20 ming gektar ekin yeri ochiladi, yana 25 ming gektar maydon kafolatli suv bilan taʼminlanadi.

Ayni vaqtda poytaxtimiz, viloyat markazlari va shaharlarda “yashil” hududlarni koʻpaytirish uchun sugʻorish, drenaj tizimlarini qayta tiklash zarur. Bir soʻz bilan aytganda, shaharlarning barcha koʻchalaridagi ariqlarda suv aylanishi kerak. Buning uchun 160 million dollarlik katta dastur doirasida Toshkent shahrida 150 kilometr yopiq drenaj tizimi barpo etiladi, 197 kilometr kanal va kollektorlar taʼmirlanadi; 63 kilometr yangi kanallar barpo qilinib, shaharda salqin mikroiqlim yaratiladi.

Boshqa hududlar rahbarlari ham chetdan kamida 20-25 million dollar mablagʻ olib kelib, kelgusi yildan viloyat markazlari va yirik shaharlarda bunday loyihalarni boshlaydi.

Hurmatli deputat va senatorlar!

Oltinchi ustuvor yoʻnalishimiz boʻlgan zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarimizni davom ettiramiz.

Avvalo, 2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi. Endi barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari; 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari; 200 ta maʼlumot bazasi va axborot tizimi; 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.

Platformaga kelib tushgan murojaatlar, ularni ijrochilarga taqsimlash va koʻrib chiqish muddatini nazorat qilish sunʼiy intellekt orqali amalga oshiriladi.

Sodda qilib aytganda, mahalladan tortib respublika darajasida hal boʻladigan har bir masalaning ijrochisi, muddati, resursi bir joyda koʻrinib turadi.

Eng muhimi, davlat xizmatlarini koʻrsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratamiz. Davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda koʻrsatish tizimini rivojlantiramiz.

Oddiy soʻzlar bilan tushuntirsam, yangi uy qurgan fuqaro kadastr hujjatini olish uchun murojaat qilsa, yangi platforma suv, elektr va gazga ulanish masalasini ham shu zahoti hal qilib beradi. Bunday xizmatlar 2026-yilda 100 taga yetkaziladi.

Sh.Shermatov, A.Toshqulov, U.Husainov kelgusi yilda Namangan, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahri, shuningdek, ulardagi tuman va mahallalarda qurilish, adliya, oliy taʼlim, soliq idoralari va ularning viloyat, tuman boʻlimlarida ushbu platformani toʻliq sinovdan oʻtkazishi shart.

Har bir vazir, tarmoq rahbari va hokimlar ham yangi yilda xuddi shunday ishlarni oʻz tumanidagi tizimda yoʻlga qoʻyishni boshlashi, davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirish boʻyicha qattiq ishlashi zarur.

Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!

Bugungi kunda Oliy Majlisimiz eng kuchli parlamentlarga xos boʻlgan barcha nazorat vakolatlariga ega. Xususan, 2023-yildan buyon tashqi qarz miqdorini parlamentimiz belgilab kelmoqda.

Endi davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini maʼqullashni ham parlament vakolatiga oʻtkazsak, nima deysizlar?

Koʻplab ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar fikrini oʻrganib, 2026-yil 1-yanvardan davlat xaridlarida ochiq, shaffof va adolatli tizim yaratayapmiz. Bu – tadbirkorlarimizga 300 trillion soʻmlik kafolatli bozorda oʻzlarining tovar va xizmatlari bilan faol ishtirok etishlari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Bundan buyon davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni toʻgʻridan toʻgʻri sotib olish mumkin boʻlgan holatlar faqat qonun bilan belgilanadi.

Xabaringiz bor, konstitutsiyaviy islohotlarimiz doirasida viloyat hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlarini bir-biridan ajratgan edik. Endi bu tizim 2026-yil 1-yanvardan 208 ta tuman va shaharda ham yoʻlga qoʻyiladi. Ayni paytda ushbu jiddiy siyosiy islohot – hokimlar va ijro idoralaridan Kengashlarga munosabatni mutlaqo oʻzgartirishni talab qiladi.

Bundan buyon deputat soʻrovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinib, sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan holatlar boʻyicha prokuraturaga taqdimnoma kiritiladi.

Islohotlar samaradorligini taʼminlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli muhim.

Shu bois ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha siyosat kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha besh yillik strategiya ishlab chiqiladi. Ushbu institutlarga ijtimoiy buyurtma berish tizimi raqamlashtirilib, moliyalashtirish hajmi 2 karra oshiriladi.

Bundan tashqari, xayriya tashkilotlarini tuzish tartibi soddalashtiriladi, hisobdorlik va shaffoflik mexanizmlari takomillashtiriladi.

Takror aytaman, yurtimizdagi keng koʻlamli yangilanishlar davrida ochiqlik siyosatidan hech qachon ortga qaytmaymiz. Soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi.

Muhtaram deputat va senatorlar!

Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlarimizni izchil davom ettiramiz.

Biz odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etishni boshladik. Endi tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytiramiz. Bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga oʻtkazishgacha boʻlgan bosqichlarga sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi.

Yurtimizda tergov sudyalari ish boshlagani – xalqaro tan olingan “Xabeas korpus” institutini qoʻllashning navbatdagi muhim bosqichi boʻldi. 2026-yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini oʻzgartirish hamda bekor qilish vakolatlarini ham beramiz. Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va rolini oshirib boramiz.

Endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “xalq vakillari hayʼati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda oʻta ogʻir va jamiyatda shov-shuvga sabab boʻlayotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida koʻrib chiqilishi sud hukmining yanada adolatli boʻlishiga xizmat qiladi.

Sud qarorlari ijrosini soʻzsiz taʼminlamay turib, fuqaro va tadbirkorlar huquqining ishonchli tiklanishiga erishib boʻlmaydi. Shu bois majburiy ijro jarayoniga samarali muqobil mexanizmlarni ham kiritamiz. Natijada sohaga sunʼiy intellekt joriy etilib, kelgusi ikki yilda ijro harakatlarining 30 foizi inson omilisiz amalga oshiriladi.

Koʻrayapsizlar, shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda giyohvandlik xavfi aholi genofondi uchun eng katta tahdidga aylanib bormoqda. Afsuski, bugungi globallashuv davrida bunday xavf-xatar Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmayapti.

Bu yil 14 mingdan ziyod giyohvandlik jinoyati qayd qilingan. Ularning 3 mingga yaqinini yoshlar sodir etgani barchamizni jiddiy oʻylantirishi kerak.

Narkotik savdolari transchegaraviy va virtual xarakterga ega boʻlib bormoqda. Bu esa jinoyatlarni aniqlashda yangi usullarni qoʻllashni, zamonaviy bilim va koʻnikmalarni puxta egallashni talab qilmoqda.

Yaqinda ushbu masala boʻyicha Milliy dastur qabul qildik. Endi narkojinoyatlarga qarshi kurashishni umummilliy harakatga aylantirib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratamiz.

Kim bu vazifa faqat huquq-tartibot idoralarining ishi, deb oʻylasa, xato qiladi.

Yurtimizdagi har bir bola, har bir yosh – bizning farzandimiz, ularni giyohvandlik changaliga tashlab qoʻyishga aslo yoʻl qoʻymaymiz.

Giyohvandlikni tag-tomiri bilan butkul yoʻqotish, yoshlarimizda kuchli maʼnaviy-ruhiy immunitetni shakllantirish boʻyicha barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz.

Narkojinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha respublika ishchi guruhi davlat idoralarining bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, kelgusi yilda narkotiklarni ishlab chiqarish va tarqatish kanallariga chek qoʻyish boʻyicha yangi tizim yaratsin.

Bu – Prezidentning topshirigʻi, bu – ota-onalarning xohish-istagi, bu – jamiyatning talabi!

Tinchlik hukm surgan, qonun ustuvor boʻlgan, fuqarolarning xavfsizligi taʼminlangan joyga investitsiya ham keladi, bu yerda turizm ham rivojlanadi. Lekin soʻnggi paytlarda oʻzini qonundan ustun qoʻygan, tadbirkorlarga bosim qilib, ularning biznesini egallab olishga harakat qilayotgan, iqtisodiyotimizga jiddiy putur yetkazadigan murakkab moliyaviy jinoyatlarni sodir etayotgan, oʻzini “qozi” deb hisoblab, odamlar oʻrtasidagi oldi-berdi masalalarini hal qilib yurgan ayrim jinoiy toʻdalar ham kuzatilmoqda.

Eng achinarlisi, “oson pul topaman”, degan ilinjda bilagida kuchi bor ayrim sportchilar ham bunday jinoiy toʻdalarga qoʻshilib qolmoqda.

Yana bir yomon jihati – Oʻzbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruhlar ayrim chet davlatlarda ham mavjudligi yurtimizning xalqaro obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Hamma eshitib olsin: bunday jinoiy toʻdalar faoliyatiga chek qoʻyishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz!

Oʻzbekistonda – fuqarolarimiz, tadbirkorlarimiz va investorlarni har qanday vaziyatda ham ishonchli himoya qiladigan davlat bor, Konstitutsiya bor, qonunlar bor!

Xotin-qizlarning qadr-qimmatini joyiga qoʻyish, farzandlarimizni himoya qilish – qadim-qadimdan erkaklar uchun shaʼn va gʻurur masalasi boʻlib kelgan. Lekin jamiyatimizda ayollar va bolalarning turli zoʻravonliklarga uchrayotgani buyuk tarix, yuksak maʼnaviyat va maʼrifatga ega boʻlgan, oilani muqaddas deb biladigan xalqimizga aslo yarashmaydi.

Soʻnggi ikki yilda ayollar va bolalarga nisbatan oilaviy zoʻravonlik holatlari boʻyicha 2 mingdan ziyod jinoyat aniqlangan.

Hech qachon unutmaylik, oilaviy zoʻravonlik – bu faqat oilaning ichki ishi emas, bu – butun jamiyatga tegishli masala. Ayolni oʻz muammosi bilan yolgʻiz tashlab qoʻyishga hech kimning haqqi yoʻq!

Ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi barcha davlat idoralari va keng jamoatchilikni safarbar qilgan holda, bunday salbiy holatlarga barham berish boʻyicha samarali ishlaydigan tizim yaratsin.

Parlamentimiz, fuqarolik jamiyati institutlari ham bu jarayonlarda faol ishtirok etsa, albatta natija boʻladi.

Takror va takror aytaman. Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga toʻsiq boʻladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid.

Korrupsiyaga yoʻl qoʻyish esa – islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish boʻyicha 2026-yilda “favqulodda holat” eʼlon qilamiz.

Barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga masʼul oʻrinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu rahbarlar tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, byudjet mablagʻi talon-toroj boʻlishi va mansabni suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olish boʻyicha taʼsirchan nazorat oʻrnatadi va Prezident oldida hisobot beradi.

Davlatning har bir soʻm mablagʻi, resursi boʻyicha shaxsiy javobgarlik kuchaytiriladi.

“Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi”, deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng!

Ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar, bir soʻz bilan aytganda, birorta idora va tashkilot nazoratdan chetda qolmaydi.

Komplayens xizmatining faoliyatiga toʻsqinlik qilganlar – korrupsiyaga sherik, deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda boʻladi.

Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati bu tizimni 1-yanvardan boshlab barcha davlat idoralari va tashkilotlarida ishga tushirib, jilovni mahkam qoʻlga olsin.

Mansabidan qatʼi nazar, poraxoʻrlik va suiisteʼmolchilik boʻyicha har bir holat yuzasidan Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati shaxsan menga axborot kiritib boradi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Jahonda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar tobora avj olib bormoqda. Bunday murakkab vaziyatda barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yanada mustahkamlash, vazmin va oqilona ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyatimizni davom ettiramiz.

Yaqin qoʻshnilarimiz bilan koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va oʻzaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Bunda mintaqamiz davlatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, suv, ekologiya, xavfsizlik, madaniyat va taʼlim sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtiramiz.

Afgʻoniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, uni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga keng jalb qilish asosiy maqsadlarimizdan biri boʻlib qoladi.

Asosiy xorijiy sheriklarimiz hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Iordaniya, Kuvayt, Oʻmon, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlar bilan koʻpqirrali va oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika, Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan yangi va istiqbolli yoʻnalishlarda manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, Janubiy Kavkaz va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni kengaytirish strategik yoʻnalishlarimizdan biri boʻladi.

Fursatdan foydalanib, bugungi anjumanimizda qatnashayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga qarata aytmoqchiman: biz bilan aloqalarni kengaytirib, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini faol qoʻllab-quvvatlayotgani uchun mamlakatlaringiz hukumatlariga alohida tashakkur bildiraman.

Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, iqtisodiy institutlar bilan yaqin hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikda iqtisodiyotimizni texnologik modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, barqaror energetika va transport loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlarni davom ettiramiz.

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida anʼanaviy, keng qamrovli sheriklik aloqalarini yanada kengaytiramiz.

Bunday ulugʻvor vazifalar bizdan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo doʻstlik va ahillikni yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirishni talab etadi. Buning uchun biz barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

Aziz vatandoshlarim!

Bugun sizlar bilan 2026-yil va kelgusi besh yil uchun katta marralarni belgilab oldik.

Erishilgan ulkan natijalar, yangi ustuvor vazifalar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda. Yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor boʻlgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilib, aholimizning fikr-mulohazalari asosida takomillashtiriladi. Parlament vakillarini ham bu jarayonda oʻz takliflari bilan faol ishtirok etishga chaqiraman.

Kelgusi yilda maʼnaviyat sohasini yanada rivojlantirib, ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi muhim sanalarni keng nishonlaymiz. Jumladan, barcha yutuq va gʻalabalarimizning poydevori boʻlgan Vatanimiz mustaqilligining shonli 35-yilligini katta bayram sifatida oʻtkazamiz.

Shuningdek, Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlugʻ tavallud ayyomlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak. Bunday ulugʻ sanalarni yuksak darajada, har tomonlama munosib oʻtkazish uchun albatta tegishli qarorlarni qabul qilamiz. Ularni amalga oshirishda mahallalar, taʼlim-tarbiya maskanlari, mehnat jamoalari, ziyolilarimiz, xorijdagi elchixonalarimiz, umuman, butun xalqimiz faol ishtirok etadi, deb ishonaman.

Qadrli va muhtaram yurtdoshlar!

Bugun sizlarga, sizlar orqali butun el-yurtimizga murojaat qilib aytmoqchiman: bugun tarixning oʻzi, hayotning oʻzi zimmamizga buyuk bir masʼuliyatni yuklamoqda.

Jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, maʼnaviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda.

Hammamizga ayonki, Mirzo Ulugʻbek bobomiz bundan olti asr muqaddam insoniyat uchun yulduzlar xaritasini yaratgan edi. Bugun esa biz hozirgi va kelajak avlodlarimiz uchun baxtli hayotga olib boradigan yoʻl xaritasini yaratishimiz lozim.

Mana shu haqiqatni chuqur his etib, barchamiz birlashib harakat qilsak, har qanday yuksak marrani zabt etishga qodirmiz, biron-bir kuch bizni oʻz yoʻlimizdan qaytara olmaydi.

Bir boʻlsak, yagona xalq, yagona millat boʻlib olgʻa intilsak, koʻzlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz!

Men bu yoʻlda mard va olijanob xalqimizga ishonaman!

Oʻzbekistonning beqiyos kuchi va imkoniyatlariga, aziz yoshlarimizning azm-u shijoatiga ishonaman!

Fursatdan foydalanib, el-yurt manfaati, Vatan taqdirini oʻylab, muqaddas zaminimizning asl farzandlari, fidoyi posbonlari boʻlib, oʻzini ayamasdan, sidqidildan mehnat qilayotgan siz, azizlarga, bunyodkor xalqimizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Barchangizga mustahkam salomatlik, oilaviy baxt-saodat, yangi yilda ulkan yutuq va omadlar tilayman.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo