18.05.2026
Butunjahon urbanizatsiya forumi doirasida 18-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi (BMT-Habitat) ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax bilan uchrashuv oʻtkazdi.
BMT-Habitat bilan shaharlarni barqaror rivojlantirish, shahar infratuzilmasini takomillashtirish hamda shaharsozlik sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻtgan yili Samarqand iqlim forumi doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ijrosi ham koʻrib chiqildi. Hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash, sohaga oid loyihalarni ilgari surish hamda ekspertlar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Butunjahon urbanizatsiya forumida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.


