21.05.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Bu tamoyillar, ayniqsa, xalqimizga xos ezgu fazilatlarni mujassam etgan muborak Qurbon hayiti kunlarida yanada yorqin namoyon boʻladi.
Taqdimotda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar haqida axborot berildi.
Ularga koʻra, Qurbon hayiti munosabati bilan keng koʻlamli tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, ogʻir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti oʻtkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qoʻyilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari, shuningdek, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini oʻtkazish xarajatlarini qoplash koʻzda tutilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qoʻllab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratiladi. 8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish yoʻlida qurbon boʻlgan ota-onalarning farzandlarining omonat hisobvaraqlariga 200 AQSh dollari miqdorida pul mablagʻlari oʻtkazib beriladi.
Bundan tashqari, 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki taʼmirlash, shuningdek, joylardagi qabristonlarni obod qilish ishlari amalga oshiriladi.
Davlat taʼminotidagi oilalar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar oziq-ovqat toʻplamlari bilan taʼminlanadi.
Mazkur chora-tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 milliard soʻm mablagʻ hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlari yozish, ziyoratgohlar va diniy taʼlim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz ehtiyojmand aholini qoʻllab-quvvatlash, bemorlarni davolash va bolalarga koʻmak koʻrsatish bilan bogʻliq tadbirlar shaffof va manzilli tashkil etilishi zarurligini taʼkidladi hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.


