23.06.2026
Assalom-u alaykum, hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Betakror Oʻzbekiston zaminida uchinchi bor oʻtkazilayotgan Xalqaro maqom sanʼati anjumanida dunyoning turli qitʼa va mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli sanʼat va madaniyat namoyandalarini koʻrib turganimdan mamnunman.
Sanʼat – qalblarni birlashtiradigan, odamlarga ezgulik ulashadigan maʼnaviyat koʻprigidir deb bejiz aytilmagan. Shu maʼnoda, yurtimizda doimiy tus olgan ushbu anjuman – maqom sanʼatining umumbashariy nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan jahon sahnasiga aylanib bormoqda.
Bugungi tadbirimizda UNESCO, ICESCO, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Turkiy oqsoqollar kengashi, TURKSOY, Turkiy Parlament Assambleyasi, Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasi hamda boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari, chet davlatlarning madaniyat vazirlari va muhtaram elchilari, 80 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning 250 ga yaqin madaniyat va sanʼat vakillari ishtirok etayotgani anjumanimizga alohida fayz va shukuh bagʻishlamoqda.
Fursatdan foydalanib, uzoq-yaqin yurtlardan tashrif buyurgan aziz mehmonlarimizga oʻzimning samimiy minnatdorligimni bildiraman.
Yangi Oʻzbekistonga xush kelibsiz!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Oʻzbekiston zaminidagi har bir tuman, har bir viloyat, har bir hudud oʻziga xos sanʼati va madaniyati, qadriyat va anʼanalari, mashhur ijodkorlariga ega. Bugungi anjumanimiz oʻtayotgan soʻlim va goʻzal Namangan diyori ham ana shunday tabarruk maskandir. Namangan oʻzining tadbirkorlari, obod shahar va qishloqlari, sanoat, qishloq xoʻjaligi, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sportdagi yutuqlari, bilimli va shijoatli yoshlari bilan alohida eʼtirofga loyiq.
Shu kunlarda ushbu fayz-u tarovatli zaminda yuksak darajada tashkil etilgan, butun dunyoga mashhur 65-xalqaro Namangan gullar festivali shod-u xurramlik bilan davom etmoqda. Va men bugungi imkoniyatdan foydalanib, butun xalqimizni, barcha nafosat shaydolarini xursand qilayotgan ana shunday ulkan bayram bilan siz, azizlarni – mehnatkash va mirishkor, oqkoʻngil, pok niyatli Namangan ahlini yana bir bor samimiy tabriklayman.
Mazkur festival Yangi Oʻzbekiston sharoitida oddiy gullar koʻrgazmasidan xalqaro miqyosda eʼtirof etilayotgan katta madaniy hodisa, oʻziga xos milliy brend darajasiga koʻtarilganini biz nafaqat Fargʻona vodiysi, balki butun mamlakatimizdagi ulkan oʻzgarishlar samarasi sifatida qabul qilamiz.
Bugungi kunda koʻrkam chamanzorga aylangan Namangan diyorida joriy yilning oʻzida 150 million tupdan ortiq gul koʻchatlari oʻtqazilgani va bu natija xalqaro miqyosda tan olinib, “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritilgani har tomonlama eʼtibor va tahsinga sazovor, ibrat olishga arziydigan voqea, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Ming rahmat sizlarga, qoʻllaringiz hech qachon dard koʻrmasin!
Aziz yurtdoshlar!
Namangan buyuk shoir va mutafakkir Boborahim Mashrab, Nodim, Fazliy, Majzub Namangoniy, Soʻfizoda, Ibrat, Usmon Nosir, Chustiy, Habib Saʼdulla kabi atoqli soʻz sanʼatkorlarini kamolga yetkazgan saxovatli zamindir. Bu ulugʻ zotlar qatorida milliy musiqa madaniyatimiz rivojida oʻchmas iz qoldirgan Roʻzimatxon Isaboyev, Vahobjon Abdullayev, Mahmudjon Muhammedov, Ergash Yoʻldoshev, Saidjon Kalonov, Tursunoy Mamedova, Kamoliddin Rahimov, Habiba Oxunova, Oʻrinboy Nuraliyev, Hadiya Yusupova, Joʻraxon Rahimov singari el tanigan hofizlar, sozanda va bastakorlarning nomlarini bugun ham hurmat bilan tilga olamiz.
Ushbu oʻlmas siymolarning boy ijodiy merosi yangi-yangi sanʼatkorlar avlodi uchun mahorat maktabi boʻlib xizmat qilmoqda.
Qadrli doʻstlar!
UNESCO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan maqom naqadar buyuk va noyob sanʼat ekanini barchamiz yaxshi bilamiz va xalqaro hamjamiyatning bunday eʼtirofini yuksak qadrlaymiz. Zero, maqom bu oddiy musiqa emas. Maqom – millatning xotirasi, xalqning qalbi va asrlar osha yangrab kelayotgan maʼnaviy ovozidir. Unda ajdodlar hikmati, orzu-umidlari, dardi va quvonchi mujassam, desam, oʻylaymanki, fikrimga qoʻshilasiz.
Yurtimizda oʻtkazilayotgan uchinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumanining asosiy maqsadi – ana shunday noyob merosni asrab-avaylash, oʻrganish va targʻib etish, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishdan iborat.
Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda maqom sanʼati nufuzini milliy va xalqaro miqyosda yangi bosqichga koʻtarish madaniyat sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Bugun nafaqat maqom ijrochiligi, balki uning nazariy asoslari ham chuqur oʻrganilmoqda. Xususan, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Abdulqodir Marogʻiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Komil Xorazmiy, Abdurauf Fitrat, shuningdek, Yunus Rajabiy, Fayzulla Karamatov, Isʼhoq Rajabov kabi allomalarning ilmiy asarlari, maqomshunoslik anʼanalari davom ettirilmoqda.
Maqom sanʼatining nazariy, tarixiy va falsafiy masalalarini oʻrganadigan maxsus ilmiy kengashlar faoliyati yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Biz sohada yuksak bilim va malakaga ega kadrlarni tarbiyalash vazifasiga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. Bu borada “musiqa maktabi – ixtisoslashgan maktab – oliygoh” tizimi yoʻlga qoʻyilgani yoshlarimizning aniq dasturlar asosida uzluksiz taʼlim olishiga mustahkam zamin boʻlib xizmat qilmoqda.
Yaqinda madaniyat va sanʼatning 21 ta yoʻnalishida, xususan, maqom boʻyicha ham ijodiy birlashma tashkil qildik. Ushbu birlashmalar jamiyatimizning eng quyi boʻgʻini boʻlgan mahalladan boshlab ijodkor yoshlarni topish, ularni qoʻllab-quvvatlash va isteʼdodini yuzaga chiqarishga koʻmak beradi. Endilikda yosh maqomchilarning ijodiga yangi nafas olib kirish uchun har bir mahalla, tuman, viloyat va respublika miqyosida tanlovlar oʻtkazamiz.
Qadrli doʻstlar!
Hozirgi vaqtda “Shashmaqom” durdonalari, Fargʻona – Toshkent va Xorazm maqomlarining oʻrganilmagan matnlari hamda noyob ijro uslublari qayta tiklanmoqda. Ayni yoʻnalishda yirik ilmiy va akademik nashrlar, ovozli arxivlar tayyorlanmoqda.
Biz ana shunday ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Yangi Toshkentda muhtasham Maqom markazini barpo etishga kirishdik. Ushbu maskanni Dunyo maqom markazi deb nomlasak va uning qoshida Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etsak, nima deysizlar?
Ishonamanki, bu madaniy koshona jahon maqom sanʼatining yirik ilmiy-tadqiqot markaziga aylanadi. Akademiyada oʻzbek maqom maktablari bilan bir qatorda arab, turk, fors, tojik, hind va boshqa Sharq mumtoz musiqa yoʻnalishlari ham oʻqitiladi. Mazkur dargohda maqomni sevadigan dunyo yoshlari uchun “ustoz-shogird” anʼanalari asosida mahorat amaliyoti dasturlari yoʻlga qoʻyiladi va bunga maxsus grantlar ajratiladi.
Markaz qoshida dunyo miqyosidagi eng noyob musiqiy qoʻlyozmalar, tovush yozuvlari va nota arxivlarini oʻzida mujassam etgan Xalqaro raqamli kutubxona va laboratoriya tashkil etiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, yangi majmua soha olimlari va sanʼatshunoslarni birlashtiradigan global ilmiy-akademik platforma boʻladi.
Dunyo xalqlarining maqom, mugʻom, mukam, dastgoh kabi mumtoz musiqa namunalari haqidagi maʼlumotlarni yagona raqamli makonga koʻchirish vaqti keldi. Shu bois, maqom sanʼati olimlari va ijodkorlarini Jahon maqom antologiyasini yaratishga chaqiraman. Bunda dunyodagi barcha maqom asarlari, notalar, audio va video yozuvlar, ilmiy tadqiqotlar yagona raqamli platformaga joylashtiriladi, maqom ijrosi boʻyicha mobil ilova ishga tushirilib, uning fonotekasi doimiy ravishda yangilab boriladi.
Oʻylaymanki, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan sanʼatkor va musiqashunoslar bu muhim jarayonga munosib hissa qoʻshadilar.
Maqom ilmini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida xalqaro jamgʻarma tashkil qilishni taklif etamiz. Ushbu Jamgʻarma grantlari maqom boʻyicha ilmiy izlanishlarni, noyob manbalarni oʻrganish, innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va soha vakillarini moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilsa, ayni muddao boʻladi.
Shu bilan birga, Jamgʻarma hisobidan Xalqaro maqom mukofoti ham taʼsis etilib, maqom rivojiga katta hissa qoʻshgan olim va sanʼatkorlar har ikki yilda ragʻbatlantirib borilsa, oʻylaymanki, bu ham maqom sanʼatining nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
“Shashmaqom”ning 6 ta yoʻnalishi boʻyicha hududlarimizda “Maqom yoʻli” madaniy-turistik marshrutini yaratamiz. Jumladan, Buxoroda “Buzruk” maqomi; Samarqandda “Rost” maqomi; Xivada “Xorazm” va “Iroq” maqomi; Qoʻqonda “Navo” maqomi; Shahrisabzda “Dugoh” maqomi; Toshkentda “Segoh” maqomi boʻyicha turizm-tematik koʻchalari tashkil etiladi. Kafe va restoranlar, istirohat bogʻlari va xiyobonlarda maqom qoʻshiqlari doim yangrab turadi.
Tadbirimizda qatnashayotgan ozarbayjonlik sanʼatkorlar mugʻomi bilan, turkiyalik ijodkorlar muqomi, tojikistonlik hofizlar maqomi, Hindiston badiiy jamoalari “raga”si, Afrika qitʼasi vakillari “nuba”si bilan “Maqom yoʻli” madaniy-turistik marshrutida faol ishtirok etsalar, dunyo boʻylab maqomning xalqaro obroʻ-eʼtibori yanada yuksaladi deb ishonaman.
Yurtimizda maqom asarlarining oltin fondini yaratib, xalqimizga yetkazib kelayotgan Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambliga milliy davlat ansambli maqomini beramiz. Aminmanki, ushbu yuksak eʼtirof mashhur ijodiy jamoani yanada ruhlantirib, milliy sanʼatimizning durdona asarlarini jahon sahnalariga olib chiqishda yangi kuch-gʻayrat va ilhom bagʻishlaydi.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Hozirgi globallashuv davrida maqom – inson qalbi va yuragida ezgu tuygʻularni tarbiyalaydigan, shu asosda yoshlarning maʼnaviy olamini yuksaltiradigan hayotbaxsh sarchashma, desak, toʻgʻri boʻladi.
Mamlakatimizda yaxshi anʼanaga aylangan Xalqaro maqom sanʼati anjumani maqomning umrboqiy merosini kelajak avlodlarga yetkazib beradigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda. Ezgu maqsad yoʻlida boshlagan bu ishlarimiz sizlar kabi fidoyi insonlarning qoʻllab-quvvatlashi bilan kelgusida ham izchil davom etadi deb ishonaman.
Muhtaram doʻstlar!
Har qanday davlatning kuch-qudrati uning faqat iqtisodiy boyligi, yer osti resurslari bilangina emas, yuksak madaniyati va sanʼati bilan ham oʻlchanadi. Shu sababli biz bugun sizlar bilan birga ana shunday bebaho maʼnaviy xazina – maqom sanʼati bayramini xalqaro darajada nishonlamoqdamiz.
Ishonchim komil, anjuman doirasida oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada bildiriladigan takliflar, mahoratli ijrochilarning chiqishlari nafaqat soha rivojiga, balki xalqlar oʻrtasida qardoshlik aloqalarini yanada mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadi.
Barchamizning tilagimiz yakdil va hamohang: maqom sanʼatining har bir soʻzi tinchlikka xizmat qilsin, har bir navosi xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlasin, har bir sadosi kelajak avlodlarga milliy gʻurur va maʼnaviy kuch bagʻishlasin.
Maqomni sevganlar hech qachon kam boʻlmasin!
Uchinchi Xalqaro maqom anjumanini ochiq deb eʼlon qilaman.
Barchangizga sihat-salomatlik, joʻshqin ilhom, yangi ijodiy yutuqlar, anjuman ishiga esa ulkan muvaffaqiyat tilayman.
***
Hurmatli anjuman qatnashchilari, aziz yurtdoshlar!
Futbol boʻyicha milliy terma jamoamiz xalqimizning 34 yillik orzularini roʻyobga chiqarib, jahon chempionatidagi ishtirokini boshladi. Bu bizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.
Men futbolchilarimizni jahon chempionatiga kuzatish marosimida “Sizlar allaqachon tarix yaratib boʻldingiz” degan edim. Biz vatanparvar va fidoyi futbolchilarimizni Yangi Oʻzbekistonning haqiqiy qahramonlari deb bilamiz. Oʻyindan oʻyinga tajriba orttirib, yashil maydonda tobora yaxshiroq toʻp surayotgan terma jamoamiz millionlab vatandoshlarimizning orzu-istaklari va duolarini his qilib, bugungi oʻyinda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishiga ishonaman.
Biz jamoamiz bilan doim birgamiz va uni hamisha qoʻllab-quvvatlaymiz!
Omad yor boʻlsin, aziz oʻgʻlonlarim!
Oʻzbekiston, olgʻa!


