04.07.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida joylashgan “Global International Hospital” xususiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan. Shu maqsadda sohaga investitsiyalar jalb etilib, tibbiyotda xususiy sektor faoliyati ham qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Mazkur zamonaviy tibbiyot markazi bugungi kunda aholiga talab yuqori boʻlgan koʻplab yoʻnalishlar boʻyicha tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega.
Markazni barpo etish uchun 30 million dollar investitsiya yoʻnaltirilgan. Bu yerda yiliga 150 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Umumiy maydoni 0,5 gektar boʻlgan muassasada yillik xizmatlar hajmini 15 milliard soʻmga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbariga markaz faoliyati toʻgʻrisida taqdimot qilindi. Prezidentimiz jarrohlik, reanimatsiya va davolash boʻlimlari, situatsion markazda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Loyiha doirasida 250 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Jamoada xorijda malaka oshirgan 10 nafardan ziyod yuqori malakali mutaxassis va chet ellik shifokorlar ham bor.
Markaz Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan. Xususan, muassasaga PHILIPS kompaniyasining ilgʻor tibbiy texnologiyalari oʻrnatilgan.
Davlatimiz rahbari markazni ayrim yoʻnalishlar boʻyicha tayanch tibbiyot muassasasiga aylantirish muhimligini taʼkidladi. Bu yerda toʻplanadigan ilgʻor tajriba asosida shifokorlar malakasini oshirish va zamonaviy tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi.
Prezidentimiz markaz xodimlari bilan muloqot qildi. Sohada mehnat qilayotgan mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash, xususiy tibbiyot tashkilotlari sonini koʻpaytirish hamda aholiga sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat koʻrsatish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
– Har bir bemorga sifatli va munosib xizmat ko‘rsatish bilan birga, tibbiy va turizm xizmatlarini uyg‘unlashtirish zarur. Bu yo‘nalishni keng targ‘ib qilish, xorij tajribasini o‘rganib, shifoxonalar huzurida mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.


