24.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan telefon muloqoti boʻlib oʻtdi.
Suhbat avvalida Shayx Mansur Ol Nahayon davlatimiz rahbarini tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat hamda masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan yutuqlar tiladi.
Oʻzbekiston bilan BAA oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻtgan yil yanvar oyida BAAga oliy darajadagi tashrif chogʻida erishilgan kelishuvlar samarali amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan buyon savdo aylanmasi jadal oʻsmoqda, loyihalarning umumiy portfeli 20 milliard dollardan oshdi, 400 dan ziyod qoʻshma korxonalar faoliyat yuritmoqda. Avgust oyidan “Etihad Airways” kompaniyasi Abu-Dabi – Toshkent yoʻnalishida kunlik aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyadi.
Yaqin muloqotni davom ettirish, yirik loyihalarni jadallashtirish muhimligi alohida taʼkidlandi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.


