31.07.2026
Qadrli doʻstlar!
Avvalo, siz, azizlarni – oʻz kasbining haqiqiy ustasi boʻlgan ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislar, mashinistlar, vagon kuzatuvchilari hamda soha faxriylarini Temir yoʻl transporti xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Sizlar fidokorona mehnatingiz bilan Yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy qudratini oshirish, transport-kommunikatsiya tizimini izchil rivojlantirish va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshib kelayotganingizni ushbu qutlugʻ ayyomda yana bir bor eʼtirof etamiz.
Soʻnggi yillarda sohada olib borayotgan keng koʻlamli islohotlarimiz ulkan natijalar bermoqda. Bu oʻzgarishlarni 2 ming 400 kilometrdan koʻproq yangi temir yoʻl tarmoqlari qurilib, foydalanishga topshirilgani, 3 ming kilometrdan ortiq yoʻllar elektrlashtirilib, 1 ming 100 kilometrdan ziyodi reabilitatsiya qilingani misolida yaqqol koʻrish mumkin.
Bu haqda soʻz yuritganda, yirik investitsiya loyihalari asosida Samarqand – Urgut, Baytqoʻrgʻon – Parkent, Urganch xalqaro aeroporti – Xiva temir yoʻl tarmoqlari barpo etilgani, Navoiy – Buxoro uchastkasining ikkinchi elektrlashtirilgan liniyasi ishga tushirilgani, bir qator istiqbolli yoʻnalishlarda esa qurilish ishlari jadal davom ettirilayotganini qayd etish lozim.
Shu bilan birga, Maroqand – Navoiy, Buxoro – Urganch – Xiva, Miskin – Nukus, Qumqoʻrgʻon – Quduqli kabi muhim yoʻnalishlarni elektrlashtirish, temir yoʻl stansiyalarining oʻtkazuvchanlik imkoniyatlarini kengaytirish orqali milliy logistika tizimi samaradorligi oshirilmoqda.
Ayniqsa, mamlakatimizni jahon transport yoʻlaklari bilan yanada ishonchli bogʻlaydigan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli barpo qilinayotgani, qoʻshni Afgʻoniston bilan temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik izchil davom ettirilayotgani Oʻzbekistonning mintaqaviy transport va tranzit markazi sifatidagi oʻrni tobora mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Aholiga koʻrsatilayotgan transport xizmatlarini yanada takomillashtirish maqsadida Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi tomonidan maxsus ishlab chiqarilgan, yuqori tezlikdagi yangi “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdining Toshkent – Xiva – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha foydalanishga topshirilgani diqqatga sazovordir.
Temir yoʻl vokzallarini zamonaviy qiyofaga keltirish, ularning muhandislik va servis infratuzilmasini tubdan yangilash, tadbirkorlik uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish boʻyicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Sohada raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlarini keng joriy etishga ham alohida eʼtibor berilmoqda.
Biz yaqin yillarda yuzlab zamonaviy yoʻlovchi vagonlarini, yuqori texnologik poyezdlarni xarid qilish, temir yoʻl infratuzilmasini yanada kengaytirish va xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga koʻtarish boʻyicha yangi va ulkan rejalarni amalga oshiramiz.
Biz sizlar kabi minglab zahmatkash temiryoʻlchilar bilan, sizlarning kasbiy mahoratingiz, boy bilim va tajribangiz, vatanparvarlik fazilatlaringiz bilan bunday yuksak marralarga albatta erishamiz.
Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor qutlab, mamlakatimiz temir yoʻl tizimini yanada zamonaviy, innovatsion va xalqaro miqyosda raqobatbardosh tarmoqqa aylantirishdek sharafli yoʻlda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, olijanob faoliyatingizda yutuq va omadlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti


