icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvdagi nutqi

18.08.2026

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli tadbirkorlar, biznes vakillari, muloqot ishtirokchilari!

Sizlar bilan ilm-fan, hunarmandchilik, savdo va tadbirkorlik markazlaridan biri bo‘lgan ko‘hna Xorazm zaminida uchrashib turganimdan mamnunman.

Bugungi anjumanda ilk bor tuman studiyalaridan ham 25 mingga yaqin tadbirkorlar ishtirok etmoqda.

Fursatdan foydalanib, sizlarni, yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga faol hissa qo‘shayotgan 1 million 200 ming nafardan iborat butun O‘zbekiston biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabriklayman.

Besh yil oldin sizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish bo‘yicha an’anani boshlaganimiz – biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim berdi, bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qildik. Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilish uchun.

O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi, tadbirkorlarimiz 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi. Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi. Bu – sizlar zabt etgan yana bir ulkan marra.

Bugun tadbirkorlarimiz “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni ko‘paytirish” bosqichiga o‘tyapti. Besh yilda korxonalarimizning asosiy kapitalga investitsiyasi 3 karra ko‘paydi.

Birinchi ochiq muloqotga kirishganimizda sanoatdagi ulushi 100 million dollardan oshgan tumanlar 66 ta edi. Hozir ularning sonini 116 taga yetkazdik. IT, fintex va boshqa servis sohalari juda tez o‘sayotgani uchun xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mlik marradan o‘tgan tumanlar 152 ta bo‘ldi. Yetakchi xalqaro marketpleyslar bilan ishlayotgan korxonalar 3,5 mingtaga yetdi. O‘z biznesini mahallada boshlagan va yurtimiz bo‘ylab o‘nlab filiallariga ega bo‘lgan tadbirkorlar 550 tadan, milliy brendini yaratganlar esa 300 dan oshdi.

So‘nggi yillarda tadbirkorlarimiz uchun mis, oltin, metall prokat, polietilen, PVX, kaolin, kaustik soda kabi xomashyolar bo‘yicha taklifni ko‘paytiryapmiz. Natijada elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik, mebelsozlik kabi ko‘plab sohalarda “katta sakrash” qilishga erishdik.

Elektromobil, polimer va maishiy kimyo, “yashil” energetika, zargarlik sanoati sohalari “yo‘qdan bor bo‘ldi”, desam, fikrimga qo‘shilasizlar. BYD, ADM Jizzakh, Sirdaryodagi Asaka motors kabi zamonaviy avtomobil zavodlari qurilgani – bu sohaga yangi kompetensiya va texnologiya olib kirdi. Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Chirchiq, Jizzax va Farg‘onadagi kimyo klasterlarida yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan 40 ta yangi quvvatni ishga tushirdik.

Shu o‘rinda islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab, hududlarga katta-katta sarmoya kiritayotgan xorijiy hamkorlarimizga ham rahmat aytaman.

Qadrli do‘stlar!

Xorazm viloyatiga qisqa davrda 4 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi, bu yerda 10 mingta yangi quvvat ishga tushirildi. “Hazorasp” maxsus iqtisodiy zonasi va 31 ta sanoat zonasini tashkil etdik.

Tuproqqal’a va Yangiariq tumanlarida jami 275 megavattli elektr stansiyalar barpo qilingani korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlashga xizmat qilyapti.

Alohida qayd etmoqchiman, viloyat iqtisodiyotining 72 foizini kichik biznes yaratyapti. Eksportda kichik biznesning ulushi bo‘yicha Xorazm mamlakatimizda 1-o‘ringa chiqdi. Umuman, logistika zanjiridan uzoq, tabiiy resurslari cheklangan bu diyorda so‘nggi yillar kichik va o‘rta biznesda chinakam o‘sish davri bo‘ldi.

Hududda yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida: haftalik aviareyslar sonini 16 tadan 102 taga, temir yo‘l qatnovini 8 tadan 41 taga ko‘paytirdik; Toshkent – Xiva tezyurar poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘ydik, 35 kilometrli yangi Urganch – Xiva zamonaviy avtomobil yo‘li ham ishga tushirilyapti; 25 gektar maydonda “Arda Xiva” turistik majmuasi bunyod etildi. Tadbirkorlarning o‘zi ham 7 ming o‘rinli 331 ta mehmonxona va mehmon uylarini barpo qildi.

Mana shular evaziga bu yil Xorazmga 3 million xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda.

Xivada yana bir katta majmua – ko‘plab mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar obyektlarni o‘z ichiga olgan “Sahro yulduzi” turistik kompleksini bunyod etamiz.

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda Xorazm tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar markaziga aylanib bormoqda.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Jahondagi vaziyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, o‘tgan yarim yilda iqtisodiyotimiz 8,5 foizga o‘sdi. Nufuzli Fitch va Moody’s xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi. Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti to‘g‘risidagi hisobotida O‘zbekiston yetakchi davlatlar qatoridan joy oldi.

Bu – avvalo, siz, hurmatli tadbirkorlarimiz bilan yelkama-yelka turib amalga oshirayotgan islohotlarimiz samarasi, desam, to‘g‘ri bo‘ladi.

Biz tadbirkorlar manfaatlarini ko‘zlab, bu yil kooperatsiya, davlat xaridi, standart, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, urbanizatsiya kabi sohalarda institutsional o‘zgarishlar qildik. Birgina natija: “Milliy sanoat zanjiri” yo‘lga qo‘yilgani uchun shu yilning o‘zida xususiy korxonalar yirik davlat kompaniyalaridan 4 trillion so‘mlik kooperatsiya buyurtmalarini olishga erishdi.

Strategik korxonalar “kelajak loyihalari” dasturi doirasida mahalliylashtirish uchun 650 dan ziyod yangi mahsulot ro‘yxatini e’lon qilgani – tadbirkorlar uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik bozor yaratdi.

Soliq ma’murchiligini tadbirkorlarning o‘sishiga hamohang tarzda soddalashtirib boryapmiz. Yaqinda qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasini 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirdik. Bu – 600 ming kichik biznes vakiliga katta dalda bo‘ldi.

Kafe va restoranlarga qo‘shilgan qiymat solig‘idan 100 milliard so‘m “keshbek” sifatida qaytarildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining “nol” stavkasi belgilangani hisobiga 400 milliard so‘m fermerlarning o‘zida qoldi.

Shu yilning o‘zida: Qozog‘istonda 11 turdagi qurilish materiallari importiga qo‘yilgan cheklov bekor qilindi; Turkmaniston bilan ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan o‘zaro bojsiz savdo rejimini yo‘lga qo‘ydik; Iordaniya bilan 150 turdagi, Pokiston bilan 88 turdagi, Eron va Afg‘oniston bilan 34 turdagi mahsulot bo‘yicha imtiyozli savdo bitimlari tuzildi. Mo‘g‘uliston, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘mon, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Misr, Hindiston bilan ham shunday kelishuvlar bo‘yicha ishlayapmiz.

Iqtisodiyotning o‘sishiga katta turtki beradigan ko‘plab megaloyihalarni amalga oshirayapmiz: Jizzaxda – atom elektr stansiyasi, Olmaliqda – to‘rtinchi misni boyitish fabrikasi, Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon yo‘nalishida yangi zamonaviy avtomobil yo‘llari, Xorazmda – ekologik aviayoqilg‘i majmuasi, Surxondaryoda – 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona, Yuqorichirchiqda – Yangi Toshkent aeroporti qurilmoqda.

Bu yil qiymati 27 milliard dollar bo‘lgan 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihalari boshlanadi. Bundan tashqari, barcha hududlarimizda jami 3 million aholi uchun yangi massivlar barpo etyapmiz.

Bunday yirik loyihalarda o‘z mahsuloti va xizmati bilan ishtirok etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarimiz uchun xorijiy investorlar bilan tengma-teng sharoit yaratib beramiz.

Yaqinda transport-logistika sohasidagi tadbirkorlarga yuk mashinalarini import qilishda boj va utilizatsiya yig‘imini olib tashladik. Bularga qo‘shimcha qilib, mahalliy operatorlarga xalqaro tashuvlar uchun vagon taqdim etishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini “nol” stavkaga tushiramiz.

Tadbirkorlarimiz asosiy hamkor davlatlarning portlaridan foydalanishi uchun sharoit yaratyapmiz. Xususan, kelgusi yili Gruziyaning Poti portida quvvati 500 ming tonna bo‘lgan logistika markazini ishga tushiramiz, Anakliya porti loyihasi bo‘yicha ham hamkorlarimiz bilan amaliy ishlarga kirishdik.

Olot, Termiz, Yangiyo‘l, Ohangaron tumanlari va Xonobod shahrida yirik transport-logistika markazlarini tashkil etamiz. Bu – tadbirkorlarimiz uchun tranzit yuklari hajmini 25 foizga oshirish, logistika eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazishga zamin bo‘ladi.

Kelgusi yili Toshkent xalqaro moliya markazi va “Enterprise Uzbekistan” xalqaro raqamli texnologiyalar markazini ishga tushiramiz. Bu markazlar xalqaro bozorlarga jadal kirib borish, 20-25 milliard dollar kapital, yangi bilim va texnologiya olib kelish imkoniyatini yaratadi.

Qadrli tadbirkorlar!

Endi tadbirkorlar ko‘targan masalalar bo‘yicha yangi tashabbuslarni aytsam.

Birinchi yo‘nalish – tadbirkorlik uchun “barqaror o‘sish trayektoriyasi”ni ta’minlashdan iborat.

So‘nggi yillarda banklar kredit portfelida kichik biznesning ulushi 45 foizdan 63 foizga oshdi. Banklarni “mijozbay” ishlashga o‘rgatyapmiz. Birinchi yarim yillikning o‘zida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trillion so‘m resurs ajratildi.

Ahamiyatlisi – bunday resurslardan foydalangan tadbirkorlarning aylanmasi ikki yilda 2 karra ko‘paydi. Umuman, tadbirkorning kichikdan – o‘rta biznesga, o‘rtadan – “chempion”ga aylanishi eng katta qiymatdir.

Yaqinda kredit xizmatlari yagona raqamli portali ishga tushdi. Bunda tadbirkor bitta ariza beradi – banklar esa mijoz uchun raqobat qiladi. Biznesni endi boshlayotganlar ushbu platforma orqali 5 milliard so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Navbatdagi vazifa – biznesning barqaror o‘sishi, kengayishi va tashqi bozorlarga chiqishi uchun mustahkam poydevor yaratish bo‘ladi. Bu borada 5 mingta korxonani tahlil qildik: ularning 40 foizi so‘nggi bir yilda o‘sish uchun investitsiya kiritmagan, 29 foizida bu rejada ham yo‘q.

Shu bois, biznesning har bir bosqichida shunga mos qo‘llab-quvvatlash chorasi va moliyaviy mexanizmlarni taqdim etish bo‘yicha yaxlit ekotizim yaratamiz. Bunda tadbirkorlikni endi boshlayotganlarga – “biznes start” dasturi asosida loyiha va kreditga hujjat tayyorlash, hisobot yuritish bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalar sun’iy intellekt yordamida o‘rgatiladi.

Biznesga tayyorlash uchun 100 milliard so‘m ajratamiz. Ularga hududiga mos tayyor biznes reja va 200 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar uchun – “biznes lift” dasturi amalga oshiriladi. Bunda tadbirkorga bozor topish, davlat xaridida qatnashish, yirik kompaniyalar bilan kooperatsiya bo‘yicha yaxlit qo‘llab-quvvatlash zanjiri yaratiladi.

Yangi o‘sish bosqichiga o‘tmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun – “biznes yuksalish” dasturini yo‘lga qo‘yamiz. Dasturda ishlab chiqarishni kengaytirish va tashqi bozorlarga chiqish uchun qo‘shimcha muqobil investitsiya mexanizmlari kengaytiriladi.

Kichik tadbirkorlar uchun eng katta masala – bu garov ta’minoti bilan bog‘liq. Shuning uchun tadbirkorlar biznesining haqiqiy bahosini chiqarib, ularga kredit berishni nazarda tutadigan “kontrkafolat” tizimini joriy qilamiz.

Endi 10 milliard so‘mgacha kreditda garovning 30 foizini – davlat, 30 foizini – Biznesni kafolatlash kompaniyasi, yana 15 foizini – banklar o‘z zimmasiga oladi. Ya’ni, tadbirkor kredit olish uchun 25 foizga garov topishi yetarli bo‘ladi.

Yaqinda “virtual soliq maslahatchisi” orqali tadbirkorga xarajat va xatoni kamaytirishga xizmat qiladigan sun’iy intellekt portali ishga tushdi.

Kelgusi yildan “sun’iy intellekt yordamchilari”ni qurilish, mehnat munosabatlari, tashqi savdo va davlat xizmatlari jarayonlariga ham joriy qilamiz.

Qisqasi, tadbirkorga kredit berish emas, balki uni boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan, birinchi qadamidan – katta biznesga aylangunicha hamrohlik qiladigan kompleks tizim yaratamiz.

Aziz do‘stlar!

Ikkinchi yo‘nalishimiz – hududlarda biznes imkoniyatlarini oshirish to‘g‘risida bo‘ladi.

Barchamiz bir haqiqatni yaxshi tushunamiz: iqtisodiyotni rivojlantirishning eng samarali yo‘li bu – mavjud resurslardan unumli foydalanishdir.

Bugun minglab gektar bo‘sh yer uchastkalari, samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlari bor. Ularning haqiqiy qiymati qachon namoyon bo‘ladi? Qachonki, loyihaga aylanib, iqtisodiy qiymat yaratsa, ish o‘rni va eksportga xizmat qilsa.

Shu bois, davlat aktivini sotib olishda: avans miqdori 30 foizdan 15 foizga tushiriladi; olti oy davomida to‘lovlarni to‘liq amalga oshirgan tadbirkorlarga 25 foiz chegirma beriladi; jami summaning yarmini to‘laganlar qolganini 7 yilda, foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Uch oyda sotilmagan davlat mulkining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha kamaytiriladi.

Bundan buyon auksion muddati 30 kundan 15 kunga, takroriy savdoda – 10 kundan 5 kunga qisqaradi.

Ochiq aytish kerak, hozir auksionda yer sotib olgan tadbirkorlar qurilishni boshlash uchun hujjat yig‘ishga 6 oydan 1 yilgacha vaqt sarflayapti. Hokimlarni o‘rgatdik, endi ular yerlarni qurilishga ruxsati, arxitektura rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan “tayyor paket” shaklida savdoga chiqarishga o‘tadi. Bunday yerlarni sotib olgan tadbirkor birdaniga qurilishni boshlashi mumkin bo‘ladi.

Yana bir yengillik – infratuzilma yig‘imi bo‘yicha avans to‘lovi 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.

Banklarda 9 trillion so‘mlik 2,5 mingta mulk bor. Ularni chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz, foizsiz, bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi. Ularni sotib olgan tadbirkorlar ushbu obyekt uchun bir yil yer va mulk solig‘ini to‘lamaydi.

Birinchi galda mahalliylashtirish zarur bo‘lgan 50 ta mahsulot ro‘yxatini shakllantirdik. Ularni o‘zimizda chiqarish uchun maxsus iqtisodiy zonalar bo‘yicha yondashuvlarni ham o‘zgartiramiz. Shu maqsadda Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va Hazorasp maxsus iqtisodiy zonalari hududining bir qismida “Bond sanoat zonalari”ni tashkil etamiz. Bu yerda joylashadigan tadbirkorlar xomashyo va butlovchi qismlarni bond omboriga olib kirishda barcha soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Agar mahsulotning mahalliylashtirish darajasi 30-40 foizdan oshsa, ichki bozorga chiqarishda ham imtiyozli shartlar qo‘llaniladi.

Bunday sanoat zonalari boshqaruvi tadbirkorga ko‘mak beradigan servis tuzilmaga aylanadi. Zamonaviy R&D markazlari, laboratoriya, muhandislik va texnologik xizmatlari yagona zanjir asosida amalga oshiriladi. Tadbirkorlarga tayyor binolarni infratuzilmasi bilan taqdim qilishga 50 million dollar beramiz.

Yana bir muhim yangilikni e’lon qilmoqchiman.

Ko‘p tadbirkorlar elektr energiyasi va gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov qilayotgani hisobiga aylanma mablag‘dan qiynalayotganini aytyapti.

Yangi energetika vaziri Sherzod Xodjayevga topshiriq berdim.

Endi ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan, to‘lov intizomini buzmagan korxonalarga oy davomida mablag‘ kiritish sharti bilan avans miqdori 15 foiz bo‘ladi. Bu sizlarga ma’qulmi?

Umuman, energetika bo‘yicha boshqaruv tizimini tubdan o‘zgartiryapmiz. Barcha tumanlarda tadbirkorlarning hozirgi ehtiyoji va ertangi rejasiga qarab ishlaydigan yangi tizim bo‘lyapti.

Kelgusi yildan qurilish sohasida pudratchi va loyihachilarning o‘sishini rag‘batlantiradigan yangicha yondashuvlarni joriy qilamiz. Endi qurilish qaysi hududda bo‘lishidan qat’i nazar, har bir ishchi-soat uchun eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida mablag‘ rejalashtiriladi.

Shuningdek, davlat obyektlari smetasida pudrat korxonalari uchun 7 foiz foyda ko‘zda tutiladi. Qurilishning murakkabligiga qarab, loyihalash ishlari uchun obyekt qiymatining 4 foizidan 7 foizigacha mablag‘ ajratamiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Uchinchi yo‘nalishimizda – “sun’iy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish haqida gaplashamiz.

Bugun qaysi tadbirkor qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirsa, sun’iy intellekt yordamida unumdorlikni oshirsa, tannarx bo‘yicha izlansa, ertangi bozor shuniki.

Tahlil qildik, ushbu yondashuvlar asosida ishlagan tadbirkorlarning: 54 foizida mahsulotiga talab keskin oshgan; 25 foizida tannarx sezilarli kamaygan; 40 foizida daromadi ko‘paygani uchun ishchilarning oyligi 10 foizdan yuqori o‘sgan. Shu bois, korxonalarda unumdorlikni oshirishga qaratilgan yangi mexanizmlarni joriy qilamiz.

Yaqinda Raqamli hukumat markazida birinchi superkompyuter klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Kelgusi yil klaster quvvatini 3 karra oshiramiz. Bu – sun’iy intellektni joriy qilish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga ulkan imkoniyatlar ochadi.

Endi “10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor” dasturini boshlaymiz. Ularga: sun’iy intellekt joriy qilish xarajatining 50 foizini kompensatsiya qilamiz; yangi mahsulotlar sun’iy intellekt modelini yaratish uchun superkompyuter imkoniyatlaridan bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, korxonalarning yangi mahsulot yaratish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot xarajatlari byudjetdan qoplanadi.

Shu bilan birga, yurtimizdagi barcha tadbirkorlar foydalanishi uchun tayyor sun’iy intellekt dasturlarini ochiq platformaga joylashtiramiz.

Dasturni moliyalashtirish uchun dastlabki bosqichda 100 million dollar ajratamiz.

To‘qimachilikda avtomatlashgan boshqaruv tizimlarini joriy qilish xarajatining yarmini qoplab beryapmiz. Endi, elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati korxonalariga ham bunday xarajatlarning 50 foizini kompensatsiya qilamiz.

Joriy yilda 13 ta strategik kompaniya aktiviga ega bo‘lgan Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz ulushini ilk bor Toshkent va London fond birjasiga chiqardik. Bu ijobiy tajriba, hech shubhasiz, xususiy sektordagi yirik korxonalarimiz uchun ham tashqi kapital bozorlariga yo‘l ochib berdi.

Endi mahalliy korxonalarimiz kapital bozoriga jadal kirib borishi uchun nufuzli investitsiya banklari bilan akseleratsiya dasturini yo‘lga qo‘yamiz. Har yili yillik daromadi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 50 ta korxona tanlab olinadi. Akseleratsiya dasturi doirasida bu korxonalarni IPOga tayyorlash, hisobotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish xarajatlarining yarmi qoplab beriladi. Bu – xususiy korxonalar uchun chetdan yiliga kamida 1 milliard dollar jalb qilish imkonini beradi.

Aziz tadbirkorlar!

Bugun yurtimizning qaysi hududiga bormang, barchasida zamonaviy texnologiyalar asosida ishlaydigan yangi-yangi korxonalar soni ko‘paymoqda.

Har yil 50 milliard dollarlik yangi yuqori texnologik investitsiya loyihalarini amalga oshiryapmiz. Lekin bu loyihalarning nechtasida ta’lim, o‘qitish komponenti bor?

Bir narsani bilinglar: har bir loyihaning samarasi – faqat texnologiyaga emas, balki ularni ishlata oladigan malakali kadrlarga bog‘liq.

Kasbiy ta’limda samara bo‘lishi uchun birinchi navbatda yoshlarda kasbga qiziqish uyg‘onishi kerak.

Kecha Urganch shahridagi Kasbiy mahorat texnikumi va Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdim. Bu yerda Germaniya va Xitoy tajribasi asosida maktab o‘quvchilari, iqtidoriga qarab, “yashil” energetika, qurilish, hamshiralik, agronomlik, elektrotexnika kabi talab yuqori bo‘lgan 10 turdagi kasblarga yo‘naltirilyapti.

Xorazmda boshlangan ushbu yangi tajribani mamlakatimizning barcha hududlarida yo‘lga qo‘yamiz. Tuman hokimlari bir hafta ichida Urganchga kelib, buni ko‘zi bilan ko‘rib ketsin.

Saudiya Arabistonining ACWA Pover kompaniyasi 3 ta viloyatda texnikumlarni jihozlab, yiliga yuzlab yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatyapti.

Endi savol: chet eldan investor kelib, o‘zi uchun kadr tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi-yu, nima uchun o‘zimiznikilar buni qila olmaydi?

“O‘zim texnikum qilaman yoki davlat texnikumini olib, xalqaro standartga mos kadr tayyorlayman”, degan tadbirkorga “yuk tushirmaydigan” qilib, xarajatini solig‘idan chegirib beramiz. Yer sotib olgan bo‘lsa, yer narxidan kamaytiramiz. Buni har bir viloyat, har bir tuman hokimi tadbirkorlari, korxonalari bilan qilishi kerak.

Bir oyda qaror chiqadi. Qarorning ilovasi bilan bu ishga hissa qo‘shadigan korxona va investorlar ro‘yxatini ham tasdiqlab, so‘ragan imtiyozini beramiz.

Rektorlar ham yozib olsin: oliygoh binosida kunning birinchi yarmida talabalarni o‘qitsa, tushdan keyin yoshlarni kasbga o‘rgatadi.

Ishni shunday tashkil qilsak, 1 million yoshlarni zamonaviy kasblar bilan qamrab olib, o‘zimizda yuqori daromadli ishlarga joylashtiramiz.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

To‘rtinchi yo‘nalishda – eksport salohiyatini oshirish, milliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish masalasini gaplashamiz.

Hozir tashqi bozorlarda har bir dollarlik eksport uchun kuchli raqobat ketyapti. Yaqinda eksportchilar faoliyatini o‘rgandik. Ularning: 40 foizi xorijiy mijoz topishga qiynalayotganini, 36 foizi mahsulotini chet eldagi standart va sertifikatsiya talablariga moslashtira olmayotgani; 37 foizi eksport uchun qulay moliyaviy instrumentlar yetarli emasligini; 33 foizi bozor haqida ma’lumot, marketing va “brend” bo‘yicha ko‘nikmaga ega emasligini bildirgan.

Shu bois, korxonalarimizga tashqi bozorga chiqishdagi barcha jarayonlarda kompleks xizmat ko‘rsatadigan “eksport navigator” tizimini yo‘lga qo‘yamiz.

Bosh vazir o‘rinbosari J.Xodjayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Qudratov, tashqi ishlar vaziri B.Saidov, elchilar chet eldagi talabni o‘rganib, tashqi bozorda mustahkam o‘rin egallasa bo‘ladigan 100 ta mahsulot ro‘yxatini tuzadi. Bunda mahsulot kesimida 3 ta yo‘nalish, ya’ni –  tashqi bozordagi raqobatchilar, tarif tizimi, logistika bo‘yicha yechimlar ishlab chiqiladi.

Shu asosda: Sanoat kooperatsiyasi agentligi (B.Haydarov) 2 mingta korxonada ishlab chiqarishni tashqi bozor va xaridor segmentiga moslashtirish dasturini yaratadi; Texnik jihatdan tartibga solish agentligi (A.Jumanazarov) ushbu 100 ta mahsulot bo‘yicha tadbirkorlarga har bir bozor kesimida standart va sertifikatini shakllantirib beradi; banklar eksport uchun tadbirkorlarga qulay bo‘lgan yangi moliyaviy mexanizmlarni yo‘lga qo‘yadi; Transport vazirligi (I.Mahkamov) eng optimal logistika marshrutlarini ishlab chiqadi.

Eksportni rag‘batlantirish, xorijiy brendlarni olib kelish, milliy brendlarni rivojlantirish bo‘yicha ham qo‘shimcha mexanizmlarni joriy etamiz.

Bu borada tadbirkorlarga: xorijiy “brendmeyker” olib kelish xarajatining yarmi to‘lab beriladi; tashqi bozorlarda milliy brendlarni targ‘ib qilish, ularni xalqaro talablarga moslashtirishga 50 ming dollargacha subsidiya beriladi; marketpleyslar orqali mahsulotlarni omborga joylashtirish va sotish bilan bog‘liq xarajatlarning yarmi kompensatsiya qilinadi; xalqaro tenderlarda ishtirok etishga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan konsalting kompaniyalar xarajatining 80 foizini qoplab beramiz.

Barcha eksportchilarga teng sharoit yaratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona tizim yaratamiz. Bunga 1 milliard dollar yo‘naltiramiz.

Hurmatli tadbirkorlar!

Bugungi kunda dunyoda bozor uchun kurash kun sayin kuchayib boryapti, manaman degan davlatlar ham o‘z bozorini himoya qilishga qattiq kirishyapti.

Bunday vaziyatda xorijga chiqqan tadbirkor hech qachon o‘zini yolg‘iz his qilmasligi kerak. Elchilar eshitib olsin. Endi, qayerda imkoniyat, qayerda yangi bozor bo‘lsa, elchi birinchi bo‘lib tadbirkorlarni “qo‘lidan ushlab” olib boradi. Lo‘nda qilib aytganda, diplomatlar “tadbirkorlarning  elchisi”ga aylanib, asosiy vaqtini shunga bag‘ishlaydi.

Hozirgi kunda eksportimizning 60 foizi 20 ta davlatga to‘g‘ri kelyapti. Muhimi, tadbirkorlarimiz bu davlatlardagi raqobatga, talabga, standartga moslashdi. Bu bozorlarda eksportni 2-3 karra oshirish imkoniyati bormi? Bor! Buni kim bilan qilamiz? Albatta, o‘sha bozorlarning baland-pastini yaxshi biladigan tadbirkorlarimiz bilan birga qilamiz.

Shu bois, katta eksport bozorimiz bo‘lgan 20 ta va istiqboli yuqori yana 5 ta davlatda faol ishlayotgan tadbirkorlarga “eksport elchilari” maqomini beramiz. Ularni o‘sha davlatga eng ko‘p eksport qilayotgan tadbirkorlarning o‘zi saylaydi.

Eksport elchilari qaysi savdo tarmog‘i bilan ishlash, sertifikat olish, marketing masalasida tadbirkorlarimizga ko‘makchi bo‘ladi. Ularga o‘zlari faoliyat yuritayotgan davlatga borish-kelish va yashash xarajatini qoplab beramiz.

Eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarimalarga “moratoriy” yil yakunida tugaydi. Dunyodagi notinch vaziyatni ko‘rib turibsiz. Bunday sharoitda tadbirkor tashqi muammolar bilan kurashish bilan birga, jarima to‘lashga majbur. Shuning uchun ko‘p o‘ylab, bir qarorga keldim. Agar eksportchilar yil yakunigacha qarzni qoplash uchun bankdagi hisobraqamiga valyuta qo‘ysa, bu – eksport tushumi sifatida qabul qilinadi. Bu orqali 380 ming ishchisi bo‘lgan 3 mingdan ortiq eksportchining muammosi uzil-kesil hal bo‘ladi.

Endi tovar eksporti uchun to‘lov tushmagan bo‘lsa ham eksport qilishga cheklovni olib tashlaymiz. Invoys orqali eksport qilishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash talabi ham bekor bo‘ladi. Savdo uyi va distribyutorlar orqali qilingan eksport bo‘yicha valyuta tushumini ta’minlash muddati 180 kundan 365 kunga uzaytiriladi. Endi eksportchi foydasiga sud qarori chiqqan shartnomalar bo‘yicha jarima qo‘llash to‘xtatiladi.

Hurmatli tadbirkorlar!

Beshinchi yo‘nalishda – biznesga ma’muriy bosimni keskin kamaytirish bo‘yicha gaplashamiz.

Biznesga soliq yukini izchil kamaytirib kelyapmiz. O‘tgan o‘n yilda yashirin iqtisodiyot 50 foizdan 26 foizgacha kamaydi. Lekin, bu – hali ham ko‘p. Doim aytaman, iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish – tekshirish bilan emas, aksincha, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak.

Masalan, tahlil qilingan 5 ming tadbirkorning yarmidan ko‘pida bir yil ichida 2-3 marta, yana 21 foizida 4 martadan soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. Bundan tashqari, yong‘in xavfsizligi, qurilish, sanitariya, karantin, energiya inspeksiyalari tomonidan o‘tkaziladigan takroriy tekshiruvlar ko‘p.

Bir narsani tushunish kerak: xotirjamlik bo‘lmagan joyda erkinlik ham, rivojlanish va yangilikka intilish ham bo‘lmaydi. Shu bois, kichik biznes faoliyatida inson sog‘lig‘i va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy e’lon qilamiz.

Yana bir muhim yangilik: endi o‘rta va yirik tadbirkorlar korxonasini ixtiyoriy profilaktik auditdan o‘tkazsa, xulosani soliq organi tan oladi. Muhimi, aniqlangan kamchilikni bartaraf qilgan tadbirkor jarimaga tortilmaydi va ushbu davr uchun soliq organi tekshiruv o‘tkazmaydi.

Yong‘in xavfsizligi, qurilish, sanitariya, karantin idoralari rahbarlari ham buni o‘z tizimida tezda yo‘lga qo‘ysin.

Shu bilan birga, yil davomida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Bugun biznesni rivojlantirish uchun faqat jozibador soliq tizimining o‘zi yetarli emas. Hozir 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. Jarimaning bir qismi idorasiga tushgani uchun ayrim rahbarlarda “tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – to‘laydi”, degan yondashuv yo‘q emas.

Nazorat idoralarini ogohlantiraman: jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak. Shu bois, barcha turdagi jarimalar miqdorini o‘rtacha 2 barobarga kamaytiramiz.

Tadbirkorlar mahsulot yetkazib berganidan keyin davlat korxonalari tomonidan shartnoma bo‘yicha to‘lovni kechiktirish holatlari ham uchrayapti. Oqibatda tadbirkorlar savdoda ishtirok etish uchun to‘lagan garov pulini vaqtida ololmayapti.

Endi qabul qilingan tovar bo‘yicha garov puli avtomatik qaytadigan tizim bo‘ladi.

Kelgusi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarni ko‘rishda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” tamoyilini joriy qilamiz. Endi tadbirkorning aybdorligi sudda isbotlanmaguncha, u aybsiz deb hisoblanadi, jarima va boshqa ta’sir choralari qo‘llanilmaydi.

Shu bilan birga, tadbirkorlarga iqtisodiy va moliyaviy jarimalar qo‘llashda “Birinchi xato uchun – ogohlantirish” qoidasini yo‘lga qo‘yamiz. Birinchi marta qoida buzgan, lekin fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i, o‘zgalar mulkiga zarar yetkazmagan hollarda tadbirkorlarga kamchilikni bartaraf etish uchun o‘n kun muddat beriladi.

Sudda tadbirkor foydasiga qaror chiqarilgan ishlar yuzasidan davlat idoralarida shikoyat qilishga yetarli asos bo‘lmasa-da, ishni oxirgi instansiyagacha olib borish holatlari ko‘p uchrayapti.

Nega desangiz, davlat idoralari sudga ariza kiritishda boj to‘lashdan ozod qilingan. Endi nazorat organlari birinchi instansiyadan keyingi har bir bosqichda sudga murojaat qilish uchun davlat bojini to‘lashi majburiy bo‘ladi.

Savdo-sanoat palatasi huzurida Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashi faoliyatini yo‘lga qo‘yganimiz o‘zining ijobiy natijasini beryapti. Endi bu Kengashga bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya sohalaridagi nizolarni ko‘rib chiqish vakolatini ham beramiz.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda muddat buzilishi bilan bog‘liq e’tirozlar ko‘p. Shu bois, tadbirkorlikka oid davlat xizmatining 50 foizi “sukut – rozilik” tamoyiliga o‘tkaziladi. Ya’ni, agar ariza belgilangan vaqtda ko‘rib chiqilmasa, ushbu murojaat avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal qilingan hisoblanadi.

Bundan tashqari, litsenziya bo‘yicha ariza rad qilingan har bir holatni Biznes-ombudsman o‘rganadi. Asossiz rad qilish uchun javobgarlikni kuchaytiramiz.

Yaqinda 30 dan ziyod faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomani bekor qilamiz, yana 35 tasini berish muddati 2-3 karra qisqaradi, 10 tasini xabardor qilish tartibiga o‘tkazamiz. Masalan, oziq-ovqat eksportida talab etiladigan 3 ta ruxsatnoma (veterinariya, sanitariya va fitosanitariya) o‘rniga “Yagona salomatlik sertifikati” beriladi.

Endi yangi litsenziya va ruxsatnoma joriy qilishdan olti oy oldin 3 ta hududda eksperimentdan o‘tkaziladi.

Yana bir masala – biznes vakillarida ijro hujjatlari bo‘yicha, ayniqsa, tadbirkor mulkiga taqiq qo‘yish bilan bog‘liq e’tirozlar ko‘p. Tez orada ijro bo‘yicha alohida uchrashuv o‘tkazib, barcha masalalarni hal qilib beramiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Yil boshidan buyon yurtimizga 8 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, ularning O‘zbekistonda bo‘lish muddati 8 kungacha uzaydi.

Xorazmliklarning o‘zi aytsin: turizmdagi islohotlarimiz viloyat aholisining turmush sharoitida, daromadida sezilyaptimi?

Bu ishlarga yanada turtki berish uchun yangi imkoniyatlarni aytmoqchiman.

Mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlashga 50 million dollar resurs ajratamiz. Bunda tadbirkorlarga o‘n yil muddatga milliy valyutada 16 foizli kredit beriladi. Shuningdek, uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxona qurishga subsidiyalar berish muddatini yana ikki yilga uzaytirib beramiz.

Endi subsidiya olish uchun mehmonxona toifasini tasdiqlashda xorijiy kompaniyalar xulosasini talab etish amaliyotini bekor qilamiz. Mehmonxonalar uchun yer va mulk solig‘ini 10 barobar kam stavkada to‘lash bo‘yicha imtiyozni 2030-yilgacha uzaytiramiz. Joylashtiruv o‘rinlari 50 tadan ko‘p bo‘lgan mehmonxonalarga naqd valyutani qabul qiladigan bankomatlarni banklarning o‘zi o‘rnatib beradi.

Turoperatorlar xorijiy turistlarga ko‘rsatgan xizmatni eksportga tenglashtirib, ularni qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilamiz. Turistik avtobus, elektrobus, mikroavtobuslar olib kelishda bojxona imtiyozini yana bir yilga uzaytiramiz. Bunday transportlar uchun utilizatsiya yig‘imi ham undirilmaydi.

Hurmatli tadbirkorlar!

Bugun sizlar bilan iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha oldimizda turgan ustuvor vazifalar haqida gaplashib oldik.

Bir narsani bilinglar: biz – 40 millionli xalqmiz. Odamlarimiz hayotini yanada yaxshilash uchun hozirgidan kam bo‘lmagan yuqori iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishimiz zarur. Bu yil yalpi ichki mahsulotni – 180 milliard dollardan, eksportni – 40 milliard dollardan oshirish bo‘yicha juda katta marra olyapmiz.

Shu maqsadda tadbirkorlarimiz yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirishi, qo‘shilgan qiymatni oshirishi, tashqi bozorlarga jadal kirib borishi uchun barcha sharoitlarni yaratishdan to‘xtamaymiz.

O‘z navbatida, tadbirkorlarimiz ham yangi o‘sish nuqtalarini topib, yangi g‘oya va texnologiya, yangi mahsulot va bozorlarga intilishi kerak.

Buning uchun: toshkentlik tadbirkorlar, korxona egalari “biz faqat tashqi bozor, eksportga ishlaymiz”, degan tashabbus atrofida birlashib, amaliy ishlarga kirishsa, bilasizlarmi qanday katta o‘zgarish bo‘ladi!

Andijon, Farg‘ona, Namanganlik ishbilarmonlar – to‘qimachilik va mashinasozlikda ichki bozor yoki xomashyo eksporti bilan cheklanmasdan, to‘liq zanjirli ishlab chiqarishni kengaytirsa, qanchadan-qancha qo‘shilgan qiymat yaratiladi. Buni ular uddalashiga ishonaman!

Samarqand, Buxoro, Xorazmda – turizm, kreativ industriyani yangi imkoniyat maydoniga aylantirish, agrosanoatda xalqaro brendlarni kashf qilish uchun ishga solinmagan katta salohiyat mavjud. Buni to‘liq ishlatish kerak!

Navoiy va Toshkent viloyatida – tog‘-kon, metallurgiya va ilmiy kimyoda korxonalar birlashsin, olimlar va ishlab chiqaruvchilar qo‘lni qo‘lga berib ishlasin! Shunda bu hududlar butun sanoatimiz uchun ulkan xomashyo bazasiga aylanadi.

Qashqadaryo, Surxondaryo agrosanoat, neft-gaz kimyosida oddiy xomashyo sotishdan to‘xtab, tayyor mahsulotning eng uzun va daromadli zanjirini yaratsa – iqtisodiyotda qanday buyuk o‘sish bo‘ladi!

Qoraqalpog‘istonliklar “yashil” energetika, IT va sun’iy intellektni iqtisodiy drayverga aylantirsa – yangi asr texnologiyalari mana shu yerda barpo etiladi. Minglab yoshlarimiz hayotiga, tadbirkorlarimiz faoliyatiga yangi mazmun kiradi.

Jizzax va Sirdaryoda avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari sohasida eng salohiyatli klaster tizimini yaratyapmiz. Tadbirkorlarimiz dunyoda raqobatlasha oladigan eng arzon tannarx va eng ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lishi shart.

Bu – sanoatdagi ustunlik bo‘ladi.

Ana shunda odamlarimizning chetga chiqib ishlashiga zarurat qolmaydi, ular yurtimizning o‘zida yuqori daromadli bo‘ladi, Yangi O‘zbekiston tadbirkorlari yangi rivojlanish bosqichiga chiqadi.

Ishonchim komil, bunga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi.

Aziz do‘stlar, muhtaram tadbirkorlar!

Bugun sizlar bilan muloqot qilib, bir narsaga amin bo‘ldim.

Mamlakatimizda zamonaviy fikrlaydigan, o‘z biznesini kengaytirish uchun yangilikka intilayotgan yangi avlod tadbirkorlari shakllanmoqda.

Bu esa yurtimizning ertangi kuni va taraqqiyoti uchun juda katta kuch va ishonchdir.

Hech qachon oldinga intilishdan, o‘sishdan, rivojlanishdan, yangilik qilishdan to‘xtamang!

Sizlarning ortingizda doimo qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli davlat, huquq va manfaatingizni himoya qiladigan qonun, tashabbus va maqsadlaringizni ro‘yobga chiqarishda yelkadosh bo‘lgan Prezident bor.

Sizlarni Tadbirkorlar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ishlaringizda rivoj, oilaviy xotirjamlik tilayman.

Hamisha omon bo‘linglar!

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo