03.09.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-sentabr kuni AQSh Kongressi senatori, Senatdagi Markaziy Osiyo boʻyicha kokus hamraisi Stiv Deynsni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida AQSh senatori davlatimiz rahbari va xalqimizni mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash hamda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Soʻnggi yillarda ikki tomonlama hamkorlikni har qachongidan ham yuqori darajaga koʻtarishga erishilgani, muloqotlar va delegatsiyalar almashinuvi jadal surʼat kasb etgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xoʻjaligi, raqamli texnologiyalar va sanoat yoʻnalishlarida yirik loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Hududlar oʻrtasida, xususan, senator vakili boʻlgan Montana shtati bilan aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollariga alohida urgʻu berildi.
“C5+1” formatidagi hamkorlik hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.


