02.12.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangidan barpo etilgan Jizzax viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.
Ushbu majmua aholiga barcha zarur tibbiy xizmatlarni bir joyning oʻzida koʻrsatish imkonini yaratishi bilan katta ahamiyatga ega. Loyiha viloyatda tashkil etilayotgan tibbiyot klasterining dastlabki bosqichi hisoblanadi.
Zamonaviy tibbiyotda bunday klasterli yondashuv tezkor diagnostika, yuqori texnologiyali davolash va shifo istaganlar uchun byurokratik jarayonlarni kamaytirishning eng samarali modeli sifatida tan olingan.
Davlatimiz rahbariga muassasa imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi. Prezident bemorlarni davolash, shifokorlarning samarali ishlashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Markaz zamonaviy yetti qavatli binoda joylashgan boʻlib, kuniga 400 nafargacha bemorni qabul qilish quvvatiga ega. Statsionar oʻrinlari 344 ta boʻlgan markazga umumiy qiymati 100 milliard soʻmdan ortiq zamonaviy jihozlar – MRT, MSKT, laboratoriya komplekslari hamda yuqori texnologiyali jarrohlik uskunalari oʻrnatilgan.
Poliklinika, radiologiya, kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, oftalmologiya va urologiya kabi boʻlimlarning bir majmuada joylashgani tibbiy xizmat koʻrsatishni tezlashtiradi, shifokorlar oʻrtasidagi hamkorlik va bemorlar harakatini yengillashtiradi. Ayniqsa, yangi imkoniyatlar tufayli yuqori texnologiyali operatsiyalar uchun navbatlarning qisqarishi loyihaning eng katta ijtimoiy samarasidir.
Markaz ishga tushishi natijasida Jizzax aholisining respublika shifoxonalari yoki qoʻshni viloyatlarga qatnashi 75-80 foizga kamayadi.
Tibbiyot klasterida Qozon federal universiteti bilan mahalliy mutaxassislar uchun malaka oshirish, ilgʻor diagnostika va davolash usullarini joriy etish, zamonaviy tibbiy standartlarni oʻzlashtirish imkoniyatini beruvchi uzoq muddatli hamkorlik oʻrnatiladi.
Prezidentimiz sogʻliqni saqlash masʼullari va xodimlari bilan muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari tibbiyot klasterlari va koʻp tarmoqli klinikalar boshqaruvida eskicha yondashuvlardan chekinib, yangi mexanizmlarni joriy qilish, jumladan, tibbiyotning har bir yoʻnalishi boʻyicha xorijdan xalqaro ekspertlar va yetakchi menejerlarni jalb qilib, mahalliy mutaxassislarni oʻzimizda, bevosita muassasalarda oʻqitish, malakasini oshirish, raqamlashtirish hamda sunʼiy intellektdan foydalanishni kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Bu Jizzax tajribasi boʻlishi kerakligi qayd etildi.
Prezidentimiz aholining tibbiy xizmatlardan roziligi masalasiga alohida toʻxtaldi. Sohada amalga oshirilayotgan har qanday oʻzgarishda, eng avvalo, inson qadri ustuvor boʻlishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
– Odamlarimizni koʻproq bino, undagi sharoit emas, xizmatning sifati, shifokorning bilimi, malakasi, halolligi oʻylantiradi. Shifoxonaga kelgan odam avvalo eʼtibor va toʻgʻri tashxis, tez va sifatli davolanishni istaydi. Shuning uchun eng katta vazifa – aholiga chin dildan xizmat qiladigan, yuksak malaka va kompetensiyaga ega boʻlgan tibbiyot tizimini yaratishdir, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerning oʻzida Qozon tibbiyot universitetining Jizzax filiali oʻqituvchilari va talabalari bilan suhbat boʻlib oʻtdi. Oʻquv jarayonida amaliy darslarni koʻpaytirish, talabalarni jahon tibbiyotining yutuqlari va ilgʻor tajribasi bilan doimiy tanishtirib borish muhim ekani taʼkidlandi.


