11.11.2026
Hurmatli Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan Janoblari!
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Hurmatli konferensiya raisi!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, Oʻrta yer dengizining gavhari boʻlmish Antaliyada bizga koʻrsatilayotgan anʼanaviy mehmondoʻstlik uchun Turkiya Respublikasi Prezidenti, qadrli birodarim Rejep Tayyip Erdogʻan Janobi Oliylariga chin qalbdan minnatdorlik bildiraman.
Turkiya va Avstraliya hamraisligida anjumanga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrilganini alohida eʼtirof etmoqchiman.
Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha global saʼy-harakatlarni izchil qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Biz yangi taraqqiyot modelimizni “yashil” texnologiyalar asosida, tabiiy resurslardan oqilona foydalangan holda quryapmiz. Iqtisodiyot tarmoqlarida uglerod sarfini jadal surʼatda kamaytiryapmiz. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan gaz chiqindilarini 35 foizga qisqartirish borasidagi maqsadini muddatidan oldin bajardi.
Biz 2035-yilga borib zararli chiqindilarni 50 foizga kamaytirish boʻyicha yangi marrani belgiladik. Taraqqiyot va tabiat qonunlari oʻrtasida buzilgan muvozanatni tiklash “yashil” energiya hajmini muntazam oshirib borishni talab etadi. Yaqin toʻrt yilda Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi 54 foizga yetkaziladi.
Biz oʻz oldimizga suvdan oqilona foydalanish boʻyicha ham qatʼiy majburiyat qoʻyganmiz. Bu boradagi saʼy-harakatlarimiz allaqachon ijobiy natija bermoqda. Oʻn yil ichida iqtisodiyotimizda suv sarfi deyarli ikki baravarga, havzalardan olinayotgan suv miqdori esa beshdan bir qismga kamaydi. Sugʻoriladigan yer maydonlarining 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi.
Kelgusi yildan Oʻzbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raislik qiladi. Transchegaraviy havzalarni boshqarishdek masʼuliyatli vazifani yuqori saviyada amalga oshirishga tayyormiz. Shu bilan birga, yerlarni keng koʻlamda qayta tiklash ishlarini olib boryapmiz. Mamlakatimizda oʻrmonlar maydoni olti million gektarga koʻpaytirildi, uning uchdan bir qismi Orolboʻyi hududiga toʻgʻri keladi.
Bundan tashqari, uch milliard dollardan ortiq investitsiya yoʻnaltiriladigan “Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasi”ni joriy etdik.
Oʻzbekistonda yuritilayotgan davlat siyosatida yoshlar masalasi markaziy oʻrin tutadi. Xalqimizda “Daraxtdan meva olaman desang, uni nihol paytidan boshlab parvarish qil” degan maqol bor.
Mamlakatimizda bolalarning ekologik tarbiyasi oila, mahalla va maktab faoliyatining uygʻunligi asosida yoʻlga qoʻyilgan. Yosh avlodga suvni tejash, daraxtlarni parvarish qilish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash bogʻchadanoq oʻrgatiladi.
Yurtimizning har beshinchi fuqarosi maktab oʻquvchisi yoki talabadir. Tizimli ekologik taʼlim-tarbiya tufayli 2050-yilga borib, Oʻzbekiston aholisining toʻrtdan uch qismi tabiatni asrash boʻyicha puxta bilimga ega boʻladi.
Qadrli doʻstlar!
Iqlim muammolariga hech bir davlat yolgʻiz holda yechim topa olmaydi.
Markaziy Osiyoda muzliklarning erishi, suv tanqisligi, qurgʻoqchilik kabi xatarlarning koʻlami ortmoqda. Umumiy tahdidlar mintaqa davlatlaridan mushtarak harakatlarni talab qiladi. Shu bois, Markaziy Osiyoning Iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirish tashabbusini ilgari suramiz. Ushbu hamkorlikni uchta asosiy yoʻnalishdan boshlashni taklif qilaman.
Birinchisi – axborot yoʻnalishi.
Bu borada Jahon meteorologiya tashkiloti koʻmagida iqlim xavf-xatarlari toʻgʻrisida maʼlumot almashish infratuzilmasini yaratish zarur. Dastlabki bosqichda tabiiy ofatlar paytida tezkor chora-tadbirlar koʻrish uchun erta ogohlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq. Navbatdagi muhim qadam – sekin-asta yuzaga keladigan tabiiy ofatlarni monitoring qilish boʻyicha koʻrsatkichlar va ularga asoslangan qoʻshma mexanizmlarni shakllantirishdan iborat.
Ikkinchisi – texnologik yoʻnalish.
“Yashil” texnologiyalar tuproqni qayta tiklash, qurgʻoqchil hududlarda uglerodni yutish, chang va qum boʻronlariga qarshi kurashishda yordam beradi.
Har yili Markaziy Osiyoning “Eco Expo” koʻrgazmasini oʻtkazyapmiz. Unda ilgʻor tajriba, istiqbolli innovatsiyalar bilan oʻrtoqlashyapmiz. Biz bu koʻrgazmani mintaqamizga mos zamonaviy ekologik yechimlar beradigan doimiy investitsiya va texnologiyalar maydoniga aylantirishni maqsad qilganmiz.
Uchinchisi – moliyaviy yoʻnalish.
Markaziy Osiyo mahalliy sharoit va ehtiyojlar hisobga olinadigan barqaror moliya manbalariga muhtoj. Bu borada taraqqiyot banklari va maqsadli jamg‘armalar bilan birgalikda Markaziy Osiyo uchun yangi koʻmak vositalari – imtiyozli grantlar, shuningdek, “moviy” va “arid” moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Konferensiyada ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar va xalqaro tuzilmalarni Iqlim integratsiyasi modelini amaliy mazmun bilan boyitishga chaqiramiz. Ushbu hayotbaxsh modelni barcha manfaatdor mintaqalarda qoʻllashni taklif etamiz.
Kelajak avlod uchun farovon hayot va qulay shart-sharoit yaratish hamda ona sayyoramizni asrab-avaylash barchamizning insoniy burchimizdir.


